Ona tili va adabiyot fanidan milliy sertifikat olgan o'qituvchi sertifikat chiqqan kundan ustama to'lanishi kerakmi yoki yo'qmi — bu savol bo'yicha murojaat qilingan. Masala yuzasidan amaldagi tartib tushuntirildi.
Ustama qachondan to'lanadi
- Prezidentning 2022-yil 11-maydagi PF–134-son farmoni 9-bandiga ko'ra milliy baholash tizimida olingan sertifikatga ega pedagog kadrlarga tarif stavkasiga nisbatan 20 foiz miqdorida ustama to'lanadi;
- “O'zbekiston — 2030” strategiyasini amalga oshirishga oid davlat dasturi to'g'risidagi PF–37-son farmonining 12-bandiga ko'ra, 2025-yil 1-yanvardan boshlab milliy sertifikatga ega ona tili va adabiyot fani o'qituvchilariga 50 foiz miqdorida ustama to'lanadi;
- Xorijiy tillar va umumta'lim fanlarini bilish darajasini belgilovchi milliy va xalqaro tan olingan sertifikatlar ro'yxati ikki vazirlikning 2024-yil apreldagi qo'shma qarori bilan tasdiqlangan.
Reklama
Mazkur qo'shma qarorga ko'ra, sertifikatlar uchun tegishli ustamalar sertifikat olingan kundan boshlab to'lab berilishi nazarda tutilgan.
Ta'til davridagi tartib
Biroq mehnat ta'tilida bo'lgan pedagoglarga sertifikat uchun ustama to'lanmaydi: ta'til vaqtida xodimlarga ish haqi va qo'shimcha to'lovlar (shu jumladan ustama) o'rniga qonunchilikda belgilangan tartibda o'rtacha ish haqi — ta'til puli to'lanadi.
O'rtacha ish haqi ta'tilga chiqishdan oldingi 12 oylik hisob-kitob davri asosida, agar xodim 12 oydan kam ishlagan bo'lsa — amalda ishlangan davr uchun hisoblangan ish haqidan kelib chiqib belgilanadi. Pedagogning ta'tilga chiqishidan oldingi oylarda to'langan barcha to'lovlar, shu jumladan ustamalar ham o'rtacha ish haqni hisoblashda qo'shiladi.
Ta'tilda ustama to'lanmasligining sababi
Sertifikat uchun ustama o'qituvchining tarif stavkasidan kelib chiqib hisoblanadi, tarif stavkasi esa unga biriktirilgan dars soatlari asosida aniqlanadi. Ta'til davrida pedagog dars mashg'ulotlarini o'tmaydi va ta'lim tashkilotlarida dars soatlari ham taqsimlanmagan bo'ladi (ular odatda avgust–sentyabr oylarida taqsimlanadi). Shu sababli soatlar miqdori aniqlanmaguncha ustama miqdorini ham belgilash imkoni bo'lmaydi.
Milliy sertifikat beradigan imtiyozlar haqida alohida materialimizda batafsil yozgan edik, ustamalarni to‘lash tartibi bo‘yicha qo‘llanmamizni ham o‘qishingiz mumkin.
















Izohlar (0)
Izoh yozish uchun tizimga kiring.
Hozircha izohlar yo‘q.
Birinchi bo‘lib izoh qoldiring