Samarqand viloyati 10–17-oktabr kunlari ikkinchi marta Ahmad al-Farg‘oniy nomidagi xalqaro fizika olimpiadasiga (FIPhO-2026) mezbonlik qiladi. Unda 20 ta davlatdan 140 nafardan ortiq o‘quvchi hamda 50 nafardan ortiq jamoa rahbari ishtirok etishi kutilmoqda. Musobaqa Prezidentning 2024-yil 30-sentabrdagi PQ-346-son qaroriga muvofiq tashkil etilmoqda.
Tadbir buyuk ajdodlarning jahon ilm-faniga qo‘shgan hissasini targ‘ib qilish, iqtidorli yoshlar o‘rtasida tajriba almashish muhitini yaratish hamda fizika va astronomiya yo‘nalishlaridagi islohotlarni ko‘rsatishga qaratilgan. Jami 250 ga yaqin delegatsiya a’zosi maxsus platforma orqali ro‘yxatdan o‘tgan.
Olimpiadada 20 davlat vakillari qatnashadi
Ishtirokchilar ro‘yxatida Rossiya, Turkiya, Xitoy, Bangladesh, Vyetnam, Qozog‘iston, Turkmaniston, Qirg‘iziston, Latviya, Gonduras, Ozarbayjon, Ruminiya, Malayziya, Iordaniya, Quvayt, Qatar, Kuba, Mo‘g‘uliston va Belarus bor. Har bir jamoa besh nafar o‘quvchi va ikki nafar rahbardan — jami yetti kishidan tuziladi.
Xalqaro olimpiadaning ilmiy qo‘mitasiga 17 nafar mahalliy va besh nafar xorijlik tajribali ekspert jalb qilingan. Ular topshiriqlarni tayyorlash, baholash mezonlarini belgilash va natijalarni yakunlash bilan shug‘ullanadi.
Nazariy bosqich 60, amaliy bosqich 40 ball bilan baholanadi
Bellashuv ikki kun davomida ikki bosqichda o‘tadi. Nazariy qismda o‘quvchilarga uchta topshiriq uchun besh soat vaqt beriladi va bu bosqichda maksimal 60 ball to‘plash mumkin. Amaliy qismda ikkita topshiriq uchun yana besh soat ajratiladi, natija 40 ball bilan baholanadi.
G‘oliblar ikki bosqich natijalari bo‘yicha jami 100 ball asosida aniqlanadi. Ya’ni olimpiadada faqat bilim emas, laboratoriya sharoitida ishlash ko‘nikmasi ham hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.
Sinovlar Samarqand davlat universitetida o‘tkaziladi
Nazariy va amaliy sinovlar Samarqand davlat universitetining Muhandislik fizikasi fakultetida bo‘lib o‘tadi. Sakkiz kunlik dasturga ko‘ra, ochilish marosimi “Samarqand Yoshlar Markazi”da, taqdirlash va yopilish marosimlari esa shahardagi Musiqali drama teatrida o‘tkaziladi.
Ilmiy va boshqaruv qo‘mitalari a’zolarini Alexander Hotel’ga, o‘quvchilarni Grand Hotel Sogdiana mehmonxonasiga joylashtirish rejalashtirilgan. Jamoa rahbarlari va xorijiy mehmonlar uchun Lia by Minyoun, Savitsky Plaza, Grand Plaza Hotel Samarkand hamda Karvon Plaza imkoniyatlari o‘rganilmoqda.
Bellashuv ikki kun, tashkiliy va madaniy tadbirlar esa sakkiz kunlik dastur doirasida o‘tadi. Tashkilotchilar jami 250 ga yaqin delegatsiya a’zosini kutib olishga tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Ishtirokchilar uchun Samarqandning tarixiy obidalari — Registon maydoni, Imom al-Buxoriy majmuasi, Shohi Zinda va Ulug‘bek rasadxonasi bo‘ylab ekskursiyalar ham rejalashtirilgan.
Olimpiada ilk bor 2021-yilda Farg‘onoda tashkil etilgan
Ahmad al-Farg‘oniy nomidagi xalqaro fizika olimpiadasi birinchi marta 2021-yilda Farg‘ona viloyatida o‘tkazilgan. O‘shanda 9 ta davlatdan 100 ga yaqin ishtirokchi, jamoa rahbarlari va xorijiy mehmonlar qatnashgan edi. O‘zbekiston terma jamoasi o‘sha olimpiadada 3 ta oltin, 4 ta kumush va 1 ta bronza — jami 8 ta medalni qo‘lga kiritgan.
Mamlakat terma jamoasi joriy yilda ham fizika bo‘yicha xalqaro olimpiadada yuqori natija qayd etgandi. Endi Samarqanddagi musobaqa iqtidorli o‘quvchilar uchun navbatdagi katta sinov bo‘ladi.
















