Prezident Shavkat Mirziyoyev 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi qatnashchilariga tabrik yo'lladi. Tabrikda qadimiy va mehmondo'st O'zbekiston zaminida ilk bor o'tkazilayotgan olimpiadaning ochilishi bilan ishtirokchilar muborakbod etilib, mamlakatda shaxmatni rivojlantirish borasidagi ishlar sanab o'tildi (tabrik matni).
Yer yuzidagi 200 dan ziyod mamlakatdan tashrif buyurgan grossmeysterlar, murabbiylar va shaxmat ixlosmandlari ishtirok etayotgan bu anjuman uch ming yildan ortiq tarixga ega Samarqand shahrida o'tkazilmoqda. Ayni vaqtda shu yerda 3-parashaxmat olimpiadasi va 97-FIDE kongressi ham bo'lib o'tmoqda.
Shaxmat bo'yicha ko'rsatkichlar
Reklama
| Ko'rsatkich | Qiymat |
|---|---|
| Shaxmat bilan ommaviy shug'ullanuvchilar | 2 million nafardan ortiq |
| Reytingga ega professional shaxmatchilar | 6 ming nafardan ziyod |
| Xalqaro grossmeysterlar | 32 nafar |
| Jahon reytingining eng kuchli yuztaligida | 5 nafar shaxmatchi |
| Erkaklar jamoasi FIDE reytingida | 204 davlat ichida 8-o'rin |
| Ayollar jamoasi FIDE reytingida | 20-o'rin |
Ta'lim tizimida shaxmat
Tabrikda shaxmat boshqa sport turlari qatori “ommaviylikdan – professionallikka” tamoyili asosida eng quyi bo'g'in - mahalladan tortib, ta'lim muassasalarigacha rivojlantirilayotgani qayd etildi. Bu yo'nalishda yangi avlod iqtidor egalarini tarbiyalashga qaratilgan yaxlit tizim shakllanmoqda.
Shaxmatning ilmiy va ma'naviy merosdagi o'rni ham eslatib o'tildi: Muhammad Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Mirzo Ulug'bek, Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Boburning ilmiy hamda badiiy asarlarida shaxmatning inson ma'naviy kamolotidagi o'rni alohida ta'kidlangan. Samarqandni Ikkinchi Renessans markazlaridan biriga aylantirgan Amir Temur mohir shaxmat ustasi bo'lgani ham qayd etildi.
Shaxmatchilarimizning yutuqlari
O'zbekiston erkaklar terma jamoasi 2022-yilda 44-Butunjahon shaxmat olimpiadasi g'olibi bo'lgan, 2024-yilgi olimpiadada esa sovrindorlar safidan joy olgan. Tabrikda Javohir Sindarovning jahon chempionligi uchun da'vogarlar turnirida g'olib bo'lib, jahon kubogini qo'lga kiritgani hamda Nodirbek Abdusattorovning blits bo'yicha jahon chempionatida kumush medalga sazovor bo'lgani alohida qayd etildi.
Olimpiadaning ochilishi va asosiy bahslar sanalari haqida bu materialda, jahon toji bahsining mukofot jamg'armasi haqida esa alohida maqolada yozilgan.
Tabrikdagi asosiy g'oya
Bugungi olimpiada dunyo yoshlariga muhim bir haqiqatni namoyon etmoqda: insoniyatning umumiy kelajagi kuch emas - aql va bilim, adovat emas - do'stlik va hamjihatlik, befarqlik emas - ezgu maqsadlar yo'lidagi qat'iyat asosida bunyod etiladi
Shavkat Mirziyoyev, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti

















Izohlar (0)
Izoh yozish uchun tizimga kiring.
Hozircha izohlar yo‘q.
Birinchi bo‘lib izoh qoldiring