2026–2027-o‘quv yilidan boshlab OTMlarda talabalar bilimini baholash tartibi tubdan o‘zgarmoqda. Vazirlar Mahkamasining yangi qaror loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.
100 ballik tizim saqlanib qoladi, ammo ballar yangicha taqsimlanadi: joriy nazorat — 30 ball, oraliq nazorat — 20 ball, yakuniy nazorat — 50 ball. Tibbiyot yo‘nalishlarida ballar alohida tartibda taqsimlanadi.
Professorlar endi feedback yozishi shart
Yangi tartibdagi eng muhim yangiliklardan biri — professor-o‘qituvchilar endi talabani baholashda har bir savol bo‘yicha kamida ikki-uch gapdan iborat izoh, ya’ni feedback yozishi talab etiladi. Bu shunchaki ball qo‘yish emas, balki talabaga qayerda xato qilganini tushuntirish demakdir.
Reklama
Kamerali imtihonlar va onlayn kuzatuv
Yakuniy nazorat imtihonlari ovozli va videokuzatuv kameralari bilan jihozlangan auditoriyalarda o‘tkaziladi. Imtihon jarayonining videoyozuvlari kamida bir yil saqlanadi. Bundan tashqari, imtihonlarni OTMlarning rasmiy veb-saytlari orqali onlayn kuzatish imkoniyati yaratiladi.
Bu HEMIS tizimidagi baholarni o‘zgartirishning yopilishi haqidagi qarorning mantiqiy davomidir. Endi baholar nafaqat o‘zgarmaydi, balki ularning qanday qo‘yilgani videoyozuv orqali tekshirilishi ham mumkin.
Texnik infratuzilma va imkoniyati cheklangan talabalar
Qaror loyihasiga ko‘ra, 3 oy ichida imtihonlarni onlayn kuzatish va kompyuterda topshirish platformalari ishlab chiqiladi. Barcha OTMlar ushbu tizimlarga integratsiya qilinadi. Har semestr yakunida talabalar o‘rtasida so‘rovnomalar o‘tkaziladi.
Alohida e’tibor — ko‘rish imkoniyati cheklangan talabalarga qaratilgan. Ular uchun Brayl alifbosi, ovozli o‘qish va assistent yordami kabi moslashtirilgan imtihon shakllari joriy etilishi rejalashtirilgan.














Izohlar (0)
Izoh yozish uchun tizimga kiring.