63 yoshda diplom olib, nabirasi bilan birga oʻqish — buni faqat jasoratli odamgina uddalay oladi. Qashqadaryo viloyati Nishon tumanida yashovchi Gulsum Kurramova aynan shunday inson. U yaqinda Qarshi davlat universiteti Tarix fakultetining Ijtimoiy ish yoʻnalishini muvaffaqiyatli tamomlab, bakalavr diplomini qoʻlga kiritdi. Bu haqda Millar telekanali reportaj tayyorlagan.
Gulsum opa 14 yildan beri Gʻafur Gʻulom nomidagi Abdulla Qodiriy va Kimyogar mahallalarida mahalla raisi boʻlib ishlaydi. Aynan shu faoliyati uni oliy maʻlumot olishga undagan.
“Oliy maʻlumotga boʻlgan ishtiyoqim sababi — men uzoq yillar mahalla raisi boʻlib ishladim. Muhtaram Prezidentimiz mahalla xodimlarida oliy maʻlumotli boʻlsh imtiyozini berdilar. Men shu imtiyozdan foydalanib, Qarshi davlat universitetiga topshirdim va qabul qilindim”, — deydi Gulsum opa.
Talabalik davrida u yosh talabalar bilan birga oʻqigan, ulardan oʻrganish tajribasi unutilmas boʻlganini taʻkidlaydi. Eng qizigʻi — u nabirasi bilan bir kursda oʻqigan. Mahalla raisi sifatidagi faoliyatida xonadonlarni kezib, oilalar bilan ishlash tajribasini oshirgan.
Yaqin kunlarda esa kam taʻminlangan oilalardagi xotin-qizlar va qizlar uchun maxsus markaz ochgan. Bu yutugʻini esa “oʻqish va oʻz ustida ishlashni hech qachon kech emasligining isboti” deb biladi.
Gulsum Kurramovaning hikoyasi oddiygina xulosa bilan yakunlanadi: oʻqish va oʻz ustida ishlash uchun hech qachon kech emas. 63 yoshda ham boshlash mumkin — buning jonli isboti Qashqadaryoda yashayapti.
InfoEdu.uz taʻlim olishda yosh muhim emasligini koʻrsatuvchi ilhomlantiruvchi hikoyalarni yoritishda davom etadi.
Reklama

















Izohlar (0)
Izoh yozish uchun tizimga kiring.