OTMlarda yakuniy imtihonlarni jonli efirda kuzatish imkoniyati yaratiladi

2026/2027-o‘quv yilidan OTMlarda yakuniy nazorat imtihonlari jonli efirda namoyish etiladi. Videoyozuvlar 3 yil saqlanadi, xolis o‘qituvchilar feedback yozadi.

OTMlarda yakuniy imtihonlarni jonli efirda kuzatish imkoniyati yaratiladi
O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalarida talabalar bilimini baholash va yakuniy imtihonlarni o‘tkazish jarayonini to‘liq shaffoflashtirish maqsadida yangi qaror loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi. Hujjat qabul qilinsa, 2026/2027-o‘quv yilidan e’tiboran OTMlardagi yakuniy nazorat imtihonlari internet orqali jonli efirda namoyish etilishi yo‘lga qo‘yiladi. Avvalroq HEMIS tizimida baholarni o‘zgartirish imkoniyati yopilgan va baholash faqat apellyatsiya komissiyasi orqali amalga oshirilishi belgilangan edi. Yangi loyiha esa shaffoflikni yanada yuqori bosqichga olib chiqishni nazarda tutadi.

Imtihonlar jonli efirda namoyish etiladi

2026/2027-o‘quv yilidan boshlab barcha yakuniy nazorat imtihonlari ovozli va videokuzatuv kameralari bilan jihozlangan maxsus auditoriyalarda o‘tkaziladi. OTMlarning rasmiy veb-saytlarida maxsus onlayn havola joylashtirilib, ota-onalar hamda keng jamoatchilik imtihon jarayonini real vaqt rejimida kuzatib borishi mumkin bo‘ladi. Bundan tashqari, imtihonlarni masofadan turib kuzatish va kompyuterda topshiriladigan test hamda yozma ishlarni tashkil etish uchun yagona maxsus platforma ishlab chiqiladi. Ushbu platforma barcha OTMlarning axborot tizimlariga to‘liq integratsiya qilinadi.

Reklama

Videoyozuvlar 3 yil saqlanadi

Yakuniy nazorat imtihonlari jarayoni, topshirilgan yozma ishlar hamda ularga ilova qilingan barcha hujjatlar va videoyozuvlar kamida 3 yil davomida xavfsiz serverlarda saqlanadi. Videoyozuvlar “Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida”gi Qonun talablariga muvofiq qat’iy muhofaza qilinadi. Ulardan foydalanish va ularni yo‘q qilish tartibi qonunchilik asosida belgilanadi. Videoyozuvlarni ko‘rib chiqish huquqi faqat OTM rektori yoki direktori buyrug‘i bilan rasman vakolat berilgan maxsus komissiya a’zolarigagina taqdim etiladi.

Baholash va yozma imtihonlar tartibi

Loyihaga ko‘ra, yakuniy nazoratlarni tashkil etish hamda baholash mezonlariga ham qator muhim yangiliklar kiritilmoqda: • Imtihonlar asosan yozma shaklda o‘tkaziladi, test sinovlari esa faqat ayrim spetsifik fanlar uchungina qo‘llaniladi. • Yozma javoblar hajmi 2 ming so‘zgacha etib belgilanadi. • Imtihon ishlarini talabaga dars bermagan xolis professor-o‘qituvchilar baholaydi. • Baholovchi o‘qituvchi har bir javob yuzasidan kamida 2–3 ta gapdan iborat izoh (feedback) yozishi shart qilib qo‘yiladi.

Infratuzilma va obyektivlik

Videokuzatuv va xolis o‘qituvchilar tomonidan baholash tizimi OTMlarda korrupsiya va tanish-bilishchilik holatlariga barham berishga xizmat qiladi. Talaba o‘z bahosidan norozi bo‘lgan taqdirda, 3 yil davomida saqlanadigan videoyozuv hamda yozma ishga berilgan izohlar orqali o‘z bilimi xolis baholanganini tekshirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Talabalar uchun teng imkoniyatlar va imtiyozlar

Qaror loyihasida ko‘rish imkoniyati cheklangan hamda alohida e’tiborga muhtoj talabalar uchun ham maxsus sharoitlar yaratish nazarda tutilgan. Xususan, ular uchun Brayl alifbosida tayyorlangan topshiriqlar, ovozli o‘qish va maxsus assistent xizmatlari yo‘lga qo‘yiladi. Shuningdek, har bir semestr yakunida talabalar o‘rtasida anonom so‘rovnomalar o‘tkazilib, imtihonlarning o‘tishi va o‘qituvchilar xolisligi bo‘yicha ularning fikri o‘rganiladi. Bu so‘rovnomalar natijalari kafedra va OTM kengashi yig‘ilishlarida muhokama qilinadi. Ushbu tartib O‘zbekistondagi oliy ta’lim sifatini xalqaro standartlarga moslashtirish va bitiruvchilarning real bilim darajasini oshirish hamda xalqaro mehnat bo‘zorida raqobatbardoshligini ta’minlash yo‘lidagi muhim islohotlardan biridir.
Oliy talim muassasalarining rasmiy veb-saytlarida joylashtiriladigan maxsus onlayn havola orqali kuzatish mumkin boladi.
Yakuniy nazorat imtihonlari va baholash jarayoniga oid barcha videoyozuvlar kamida 3 yil davomida saqlanadi.
Imtihon ishlarini talabaga dars bermagan xolis professor-oqituvchilar baholaydi va har bir javobga 2-3 gapdan iborat feedback yozadi.

Reklama

Umidjon EsirgapovU
MUALLIFUmidjon EsirgapovInfoedu.uz asoschisi marketing va ta’lim sohasida 5 yillik tajribaga ega ekspert.

Izohlar (0)

Izoh yozish uchun tizimga kiring.

O'xshash maqolalar

Eng ko'p o'qilganlar