Nogironligi bo‘lgan abituriyentlar oliy ta’lim muassasalariga kirishda bir qator imtiyozlarga ega. Amaldagi tartiblarga ko‘ra, ular uchun ma’lumotlar qulay formatda taqdim etilishi, kirish imtihonlarida qatnashish uchun to‘lovdan ozod qilinishi va ayrim holatlarda alohida grant kvotalari ajratilishi belgilangan.
Test to‘lovi undirilmaydi
Nogironligi bor abituriyentlar oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlarida qatnashish uchun to‘lanadigan to‘lovdan ozod etilgan.
Reklama
Eslatib o‘tamiz, o‘rta ta’limni avvalgi yillarda tugatgan ayrim abituriyentlar test sinovida qatnashish uchun 206 ming so‘m to‘lov qiladi. Biroq nogironligi bo‘lgan shaxslardan ushbu to‘lov undirilmaydi.
I va II guruh nogironligi bor fuqarolar uchun 2 foizlik grant kvotasi
I va II guruh nogironligi bo‘lgan fuqarolar uchun oliy ta’lim muassasalariga qabulda umumiy qabul kvotasining 2 foizi miqdorida davlat granti ajratiladi.
Mazkur imtiyoz I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun belgilangan qabul tartibi asosida qo‘llanadi. 2 foizlik kvota ta’lim yo‘nalishlari doirasida taqsimlanadi.
Imtiyozdan foydalanish uchun abituriyent test sinovlarida maksimal ballning kamida 30 foizini to‘plashi kerak.
Ko‘zi ojiz abituriyentlar uchun maxsus imtihon
Ko‘zi ojiz abituriyentlar uchun oliy ta’lim muassasalari tomonidan maxsus imtihon tashkil etiladi.
Bu tartib ularning imkoniyatlarini inobatga olgan holda bilimini baholash va kirish jarayonida teng sharoit yaratishga xizmat qiladi.
“Maxsus pedagogika, defektologiya” magistraturasida to‘liq grant
Nogironligi bor fuqarolar uchun magistratura bosqichida ham alohida imtiyoz mavjud.
Xususan, “Maxsus pedagogika, defektologiya” magistratura mutaxassisliklariga qabul nogironligi bo‘lgan fuqarolar uchun to‘liq davlat granti asosida amalga oshiriladi.
Ta’lim jarayonida ham ko‘mak ko‘rsatiladi
Oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan nogironligi bo‘lgan talabalarga ta’lim jarayonida zarur ko‘mak ko‘rsatilishi kerak.
Jumladan, talabaga yordam berish uchun uning yaqinlaridan biriga OTMda yonida birga bo‘lishi uchun sharoit yaratilishi lozim.
Ma’lumotlar qulay formatda berilishi kerak
Nogironligi bo‘lgan abituriyentlar uchun qabul jarayoniga oid barcha ma’lumotlar qulay va tushunarli formatda taqdim etilishi zarur.
Bu talab abituriyentlarning hujjat topshirish, imtihonlarda qatnashish va imtiyozlardan foydalanish jarayonida ortiqcha to‘siqlarga duch kelmasligini ta’minlashga qaratilgan.










Izohlar (0)
Izoh yozish uchun tizimga kiring.