Nogironligi bo‘lgan abituriyentlar uchun imtiyoz va imkoniyatlar
Nogironligi bo‘lgan fuqarolar uchun oliy ta’limga kirishda davlat tomonidan ko‘plab imtiyozlar joriy etilgan. Ushbu maqolada abituriyentlar uchun mo‘ljallangan qulayliklar, to‘lovdan ozod etish holatlari va maxsus kvotalar haqida to‘liq ma’lumot olasiz.
Kirish imtihoni uchun to‘lovdan ozod qilish
Nogironligi bor abituriyentlar test sinovlarida qatnashish uchun to‘lov to‘lashdan to‘liq ozod etiladi. Bu imtiyoz barcha nogironligi bo‘lgan shaxslarga tegishli bo‘lib, hujjat topshirish jarayonida tizimda tegishli belgi qo‘yilishi kerak.
I va II guruh nogironligi bor shaxslar uchun maxsus grant kvotalari
I va II guruh nogironligi bor fuqarolar uchun umumiy qabul kvotasining 2 foizi miqdorida alohida davlat granti ajratiladi. Bu kvota OTM yo‘nalishlari bo‘yicha taqsimlanadi. Kirish ballari yo‘nalishlar kesimida ushbu kvotalar haqida batafsil tanishishingiz mumkin.
- Imtiyozdan foydalanish uchun abituriyent fanlardan to‘plashi kerak bo‘lgan maksimal ballning kamida 30% ini qo‘lga kiritishi shart.
Ko‘zi ojiz abituriyentlar uchun maxsus imtihon
Oliy ta’lim muassasalari tomonidan ko‘zi ojiz abituriyentlar uchun maxsus test sinovlari tashkil etiladi. Bu sinovlar ularning jismoniy holatidan kelib chiqib, moslashtirilgan shaklda o‘tkaziladi.
“Maxsus pedagogika, defektologiya” yo‘nalishida grant
Nogironligi bor fuqarolar “Maxsus pedagogika, defektologiya” yo‘nalishi bo‘yicha magistraturada to‘liq davlat granti asosida o‘qish imkoniyatiga ega. Joriy yilda qaysi oliygohlar ushbu yo‘nalishda qabul o‘tkazayotganini tekshirib ko‘ring.
Nogiron talabalarning yaqinlariga ko‘maklashish imkoniyati
OTMlarda o‘qiyotgan nogironligi bo‘lgan talabalarga ta’lim jarayonida ko‘maklashish uchun yaqinlaridan biri OTMda yonida bo‘lishi uchun sharoitlar yaratiladi. Bu o‘quv jarayonini yengillashtirish va ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash uchun muhim qadamdir.
Xulosa
Nogironligi bo‘lgan abituriyentlar uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar ularning ta’lim olish huquqini to‘laqonli ta’minlashga xizmat qiladi. Davlat tomonidan ajratilayotgan kvotalar va maxsus imkoniyatlar orqali har bir fuqaro o‘z bilim va salohiyatini ro‘yobga chiqarishi mumkin.

















Izohlar (0)
Izoh yozish uchun tizimga kiring.