Yangi o‘quv yilidan boshlab maktablarda joriy etilayotgan “Kelajak soati” an’anaviy darslardan butunlay farq qiladi. Unda baho qo‘yilmaydi, zerikarli ma’ruza o‘qilmaydi — o‘quvchilar erkin fikrlaydi, muhokama qiladi va ijod qiladi.
Bu yangi format maktab o‘quvchilari uchun o‘qishga bo‘lgan munosabatni o‘zgartiradi. Baho bosimi yo‘qligi bolaning qiziqishini uyg‘otadi va fanga muhabbatini kuchaytiradi.
45 daqiqalik dars besh bosqichdan iborat
Har bir “Kelajak soati” darsi aniq tuzilgan bo‘lib, 45 daqiqada besh bosqichdan o‘tadi:
- Tanishtirish (5 daqiqa) — mavzu qiziqarli savol bilan boshlanadi;
- Anglash va video (15 daqiqa) — mavzuga oid 3–5 daqiqalik qisqa videorolik ko‘riladi va tushuntiriladi;
- Amaliyot (12 daqiqa) — o‘quvchilar guruhlarda savol-javob qiladi, vaziyatlarni muhokama qiladi;
- Chuqur tahlil (8 daqiqa) — “Bu menga nima beradi? Men nima qila olaman?” degan savolga shaxsiy javob topiladi;
- Refleksiya (5 daqiqa) — dars xulosalanadi va keyingi hafta uchun oilaviy topshiriq beriladi.
Har oyning 4 haftalik Oltin zanjiri
Har bir katta mavzu 1 oy, ya’ni 4 hafta davomida bosqichma-bosqich o‘rganiladi. Har haftaning o‘z maqsadi bor:
- 1-hafta — Bilish — mavzu va video bilan tanishish;
- 2-hafta — Munosabat — oila davrasida (ota-ona bilan) mavzuni muhokama qilish;
- 3-hafta — Amal — rasm chizish, plakat yoki kichik ijodiy loyiha tayyorlash;
- 4-hafta — Refleksiya — kichik insho yozish va oyni sarhisob qilish.
Asosiy tamoyil
Eng muhim qoida shundaki, o‘qituvchi ma’ruza o‘qimaydi. U videoni qo‘yib beradi, o‘quvchilarni erkin fikrlashga, oilasi bilan suhbatlashishga va amaliy ijod qilishga yo‘naltiradi. Dars davomida baho ham qo‘yilmaydi.
Bu yondashuv “Kelajak soati”ni o‘quvchilar uchun kutib olinadigan, qiziqarli hamda foydali darsga aylantiradi. Ssenariylar va dars qurilishi bo‘yicha avvalroq “Kelajak soati” dars ssenariylari tanlovi ham o‘tkazilgan edi. Biz maktab ta’limidagi yangi dars formatlari bo‘yicha ma’lumotlarni kuzatib, tahliliy yoritib boramiz.
Reklama











Izohlar (0)
Izoh yozish uchun tizimga kiring.