O‘zbekistonda to‘lov-kontrakt asosida tahsil olayotgan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida uzoq muddatli va imtiyozli ta’lim kreditlari tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Ushbu moliyaviy ko‘mak talabalarga moddiy qiyinchiliklarsiz sifatli bilim olish imkonini beradi.
Kredit kimlarga ajratiladi?
Mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan barcha turdagi oliy, o‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalariga to‘lov-kontrakt asosida qabul qilingan yoki tahsil olayotgan talabalar ushbu imkoniyatdan foydalanishlari mumkin. Imtiyoz faqat davlat oliygohlari bilan cheklanib qolmay, nodavlat va xorijiy ta’lim muassasalariga ham tegishlidir. Shuningdek, kredit kunduzgi, sirtqi hamda kechki ta’lim shakllarida o‘qiyotgan barcha talabalar uchun ochiq hisoblanadi.
Reklama
Asosiy shartlar va foiz stavkalari
Ta’lim kreditining eng katta afzalligi uning uzoq muddatga berilishi va asosiy qarzni to‘lash borasidagi imtiyozli davridir.
- Kredit muddati: Kredit rasman o‘qish muddati tugagandan so‘ng, 7-oydan boshlab 7 yil davomida qaytariladi. Masalan, talaba 1-kursdan boshlab 4 yil davomida kredit olgan bo‘lsa, umumiy to‘lov muddati 11 yil-u 7 oyni tashkil etadi. O‘qish davrida faqat foizlar to‘lanishi mumkin, asosiy qarz esa ishga joylashgach to‘lanadi.
- Kredit miqdori: OTM bilan tuzilgan shartnomada ko‘rsatilgan yillik to‘lov-kontrakt summasiga teng miqdorda ajratiladi.
- Foiz stavkasi: Kredit Markaziy bankning amaldagi asosiy stavkasi (hozirda 14%) bo‘yicha rasmiylashtiriladi. Agar kelajakda Markaziy bank asosiy stavkani pasaytirsa, u holda kredit foizi ham mos ravishda pasayadi.
Xotin-qizlar va ijtimoiy himoya uchun alohida imtiyozlar
Hukumatning tegishli qaroriga ko‘ra, ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlar va xotin-qizlar uchun alohida yengilliklar joriy etilgan:
- Xotin-qizlar uchun 0% stavka: Vazirlar Mahkamasining 457-sonli qarori asosida, xotin-qizlarga ta’lim krediti foizsiz (0% stavkada) taqdim etiladi. Kredit foizlari Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan banklarga qoplab beriladi.
- Garovsiz kredit imkoniyati: "Ijtimoiy himoya yagona reyestri"ga kiritilgan oilalar farzandlaridan ta’lim krediti olishda uchinchi shaxs kafilligi yoki garov ta’minoti talab etilmaydi.
Kreditni rasmiylashtirishda kimlar qatnashadi?
Kredit shartnomasini imzolashda talabaning o‘zi bilan birga uning doimiy va barqaror daromad manbaiga ega bo‘lgan yaqin oila a’zolari (ota-onasi, aka-ukasi, opa-singlisi yoki turmush o‘rtog‘i) yoinki uchinchi shaxslar birgalikda kredit oluvchi (birgalikda qarz oluvchi) sifatida ishtirok etishlari mumkin.
Oliy ta’lim muassasalariga hujjat topshirishdan avval kirish ballari yo‘nalishlar kesimida qanday shakllanganini tahlil qilib, moddiy imkoniyatlar va shartnomalar miqdorini aniq rejalashtirish kelajakda to‘g‘ri qaror qabul qilishingizga yordam beradi.

















Izohlar (0)
Izoh yozish uchun tizimga kiring.