Test sinovlari yaqinlashgani sari ko‘pchilik abituriyentlarda hayajon kuchayadi. Mutaxassislarning ta'kidlashicha, imtihondagi muvaffaqiyat nafaqat bilimga, balki psixologik tayyorgarlikka ham bog‘liq.
Hatto mavzularni yaxshi o‘zlashtirgan abituriyent ham hayajonni boshqara olmasa, bu natijaga salbiy ta'sir ko‘rsatishi mumkin. Quyidagi tavsiyalar imtihon vaqtida xotirjamlikni saqlashga yordam beradi.
Diqqatni jamlang
Reklama
Ruxsatnoma va javoblar varaqasini to‘ldirish kabi rasmiy jarayonlar tugagach, e'tiborni faqat test savollariga qarating. Atrofdagi shovqin yoki boshqa ishtirokchilarga chalg‘imaslikka harakat qiling.
Har bir savolni belgilashdan oldin uni kamida ikki marta o‘qib, sizdan aynan nima so‘ralayotganini to‘liq tushunganingizga ishonch hosil qiling.
Oson savollardan boshlang
Avval javobiga ishonchingiz komil bo‘lgan savollarni ishlang. Bu o‘zingizga bo‘lgan ishonchni oshiradi va hayajonni kamaytiradi.
Murakkab savollarga keyinroq qaytish orqali vaqtni ham samarali taqsimlash mumkin.
Shoshilinch xulosa qilmang
Savolning boshini o‘qiboq javob berishga shoshilmang. Ba'zan aynan shoshqaloqlik eng oddiy savollarda ham xatoga sabab bo‘ladi.
Savolni oxirigacha diqqat bilan o‘qish to‘g‘ri javobni topishga yordam beradi.
Har bir savolni alohida qabul qiling
Yangi savolga o‘tganingizda oldingi topshiriqlar haqida o‘ylamaslikka harakat qiling.
InfoEdu.uz tavsiyasiga ko‘ra, har bir test topshirig‘ini mustaqil vazifa sifatida qabul qilish diqqatni yaxshiroq jamlashga yordam beradi.
Muvaffaqiyatsizlikka berilmang
Biror savolga javob topa olmasangiz, tushkunlikka tushmang. Uni vaqtincha qoldirib, keyingi savollarga o‘ting.
Har bir yangi savol — yangi imkoniyat ekanini unutmang.
Noto‘g‘ri variantlarni chiqarib tashlang
Agar javobni aniq bilmasangiz, avvalo noto‘g‘ri ekaniga ishonchingiz komil bo‘lgan variantlarni chiqarib tashlang.
Bu usul to‘g‘ri javobni topish ehtimolini oshiradi.
Javoblaringizni qayta tekshiring
Imkon bo‘lsa, test yakunida javoblaringizni yana bir bor ko‘zdan kechiring.
Ba'zan shoshqaloqlik tufayli yo‘l qo‘yilgan oddiy xatolar aynan qayta tekshirish jarayonida aniqlanadi.
Intuitsiyangizga ham ishoning
Agar uzoq o‘ylaganingizdan keyin ham aniq javob topa olmasangiz, eng to‘g‘ri deb hisoblagan variantni belgilang.
Ba'zi hollarda birinchi taassurot yoki intuitsiya ham to‘g‘ri tanlov qilishga yordam berishi mumkin.
















Izohlar (0)
Izoh yozish uchun tizimga kiring.