Abituriyentlar va ota-onalar uchun repetitor tanlash mas’uliyatli jarayon. To‘g‘ri tanlov nafaqat bilim sifatini oshiradi, balki kirish ballari yo'nalishlar kesimida yuqori natijalarga erishishga zamin yaratadi.
Repetitor tanlashda nimalarga e’tibor berish kerak?
Pedagogning malakasi haqida so‘rang va hujjatlarini ko‘zdan kechiring, ammo shular bilan cheklanib qolmay, uning mashg‘ulot vaqtida o‘zini qanday tutishiga e’tibor qarating. Birinchi uchrashuvda dars o‘tish metodikasi haqida so‘rash muhim.
1. Aniq maqsad qo‘ying
Repetitor nima uchun kerak: maktab baholarini yaxshilashmi yoki DTM standartidagi test tizimi orqali imtihonga tayyorlanishmi? Aniq maqsad pedagogga samarali ish rejasi tuzishga yordam beradi.
2. Bola bilan maslahatlashing
Repetitor bilan shug‘ullanuvchi shaxs — farzandingiz. Uning o‘ziga qulay bo‘lgan o‘qituvchi (yoshi, jinsi, xarakteri) bilan ishlashi natijadorlikni oshiradi.
3. Pedagogning ish tajribasi va malakasi
Diplom va sertifikatlar muhim, ammo ular har doim ham sifatni belgilamaydi. Pedagogning o‘quvchilar bilan muloqot qilish qobiliyati va darsni tushuntirish uslubi birinchi o‘rinda turishi kerak.
4. Pedagog va o‘quvchi yoshi muvofiqligi
Kichik sinf o‘quvchilari uchun talabalar, o‘rta va katta sinflar uchun esa tajribali pedagoglar mos keladi. Muhimi, bola o‘zini erkin his qilsin.
5. Narxlar va intensivlik
Narxlar malaka, dars davomiyligi va intensivlik darajasiga bog‘liq. Eng arzon variantni emas, balki farzandingizga mos keladigan «oltin o‘rtalik»ni izlang.
6. Dars o‘tkaziladigan joy
Mashg‘ulotlar uyda, repetitorning o‘quv markazida yoki masofaviy (onlayn) shaklda bo‘lishi mumkin. Bolaning charchamasligi uchun hududiy yaqinlikni inobatga oling.
7. Shaxsiy tanishuv va kuzatuv
O‘qituvchi bilan shaxsan uchrashing. Tashqi ko‘rinishi, nutqi va dars o‘tadigan xonasining holatiga e’tibor bering. Birinchi darsda qatnashib, jarayonni bevosita kuzatish maqsadga muvofiq.
8. Doimiy aloqada bo‘ling
Natijalardan xabardor bo‘lish uchun o‘qituvchi bilan muntazam bog‘lanib turing. Farzandingiz qaysi mavzularni o‘zlashtirgani va qayerda qo‘shimcha yordam kerakligi haqida ma’lumot oling.
9. Variantlarni solishtiring
Agar tanlangan repetitor kutilgan natijani bermasa, uni almashtirishdan uyalmang. Asosiy maqsad — sifatli ta’lim olish.

















Izohlar (0)
Izoh yozish uchun tizimga kiring.