Namangan viloyati Uchqo'rg'on tumanidagi davlat bog'chasida sodir bo'lgan voqeadan so'ng [Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi](https://t.me/uzeduuz) tomonidan maxsus ishchi guruh tuzilib, tizimdagi mas'ullarning xizmat vazifasiga loyiqligi har taraflama o'rganila boshlandi.
Tizimdagi xodimlar va mas'ullar faoliyatiga huquqiy baho beriladi
Vazirlik e'lon qilgan rasmiy munosabatda ta'kidlanishicha, ta'lim muassasasida o'z ishiga mas'uliyatsizlik bilan yondashgan va nojo'ya harakatlarga yo'l qo'ygan barcha xodim hamda mansabdor shaxslarga nisbatan qat'iy choralar ko'riladi. Gumonlanuvchi shaxslar qonun oldida javob berishi va jazo muqarrarligi ta'minlanadi.
Uchqo'rg'on tumanidagi maktabgacha ta'lim tashkilotining voqeaga daxldor deb gumon qilingan xodimlari bilan tuzilgan mehnat shartnomalari bekor qilingan. Shuningdek, holat yuzasidan huquq-tartibot organlari tomonidan tegishli tartibda jinoyat ishi qo'zg'atilib, gumonlanuvchiga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo'llanilgan.
Maxsus ishchi guruh barcha maktabgacha ta'lim tashkilotlarini qamrab oladi
Ushbu salbiy holatlar boshqa bog'chalarda ham takrorlanmasligini ta'minlash maqsadida vazirlikning maxsus ishchi guruh a'zolari tomonidan respublikadagi barcha davlat maktabgacha ta'lim tashkilotlari xodimlari yoppasiga tekshiruv va o'rganishdan o'tkazilmoqda.
O'rganishlar davomida bog'cha xodimlarining ruhiy va ma'naviy tayyorgarligi, psixologik holati hamda bolalar bilan ishlash malakasi qayta ko'rib chiqiladi. Zarur hollarda o'z vazifasiga mas'uliyatsiz yondashgan xodimlar lavozimidan ozod etilishi bildirilgan.
Nomaqbul holatlarning oldini olish uchun nazorat kuchaytiriladi
Maktabgacha ta'lim muassasalarida tarbiyalanuvchilar xavfsizligi va sog'lig'ini muhofaza qilish ustidan nazorat mexanizmlari kuchaytiriladi. Ishchi guruh tomonidan har bir bog'chadagi ichki tartib-intizom va xodimlar xatti-harakati bo'yicha doimiy monitoring olib borilishi rejalashtirilgan.

















Izohlar (0)
Izoh yozish uchun tizimga kiring.
Hozircha izohlar yo‘q.
Birinchi bo‘lib izoh qoldiring