Tasavvur qiling: ballingiz yetarli, kvotada o'rningiz bor, lekin o'qishga kira olmadingiz. Sababi — tanlov ustuvorligini noto'g'ri belgilagansiz. Aynan shu xatolik har yili yuzlab abituriyentning grantini "kuydirib" yuboradi.
Hujjat topshirayotganda sizdan OTM va yo'nalish tanlashdan tashqari yana bir muhim narsa so'raladi: tanlov ustuvorligi. Bu ikki xil bo'ladi va ularning farqini tushunmaslik sizning o'qishga kirish imkoniyatingizni butunlay o'zgartirib yuborishi mumkin.
Davlat granti ustuvorligi
Siz uchun eng muhimi bepul o'qishmi? Qaysi yo'nalishda bo'lishidan qat'i nazar, grantga kirishni xohlaysizmi? Unda "Davlat granti" ustuvorligini tanlang.
Bu holda tizim quyidagicha ishlaydi: avval 1-yo'nalishda grant bormi — yo'q. 2-yo'nalishda grant bormi — yo'q. 3, 4, 5-yo'nalishlarda ham ketma-ket faqat grant qidiradi. Barcha 5 ta yo'nalishda grant topilmagach, endi kontraktga o'tadi va yana 1-yo'nalishdan boshlab tekshiradi.
Bu ustuvorlikning xavfi: siz orzu qilgan birinchi yo'nalish o'rniga oxirgi, beshinchi yo'nalishda grantga kirib qolishingiz mumkin. Yo'nalish muhim emas, faqat bepul o'qish muhim bo'lsa — bu sizning tanlovingiz.
Ta'lim yo'nalishi ustuvorligi
Siz uchun eng muhimi aynan birinchi tanlagan yo'nalishlaringizga kirishmi? To'lov shakli ikkinchi darajalimi? Unda "Ta'lim yo'nalishi" ustuvorligini tanlang.
Bu holda tizim: 1-yo'nalish → grant. Yo'qmi? 1-yo'nalish → kontrakt. Hali ham yo'qmi? 2-yo'nalish → grant. Yo'qmi? 2-yo'nalish → kontrakt. Va shu tartibda davom etadi. Har bir yo'nalishda avval grant, keyin kontrakt tekshirilib, shu yo'nalishda ham grant, ham kontrakt imkoniyati tugagachgina keyingi yo'nalishga o'tiladi.
Bu ustuvorlikning afzalligi: siz orzu qilgan birinchi yo'nalishlaringizni qo'ldan boy bermaysiz. Balki kontraktda o'qiysiz, lekin aynan o'zingiz xohlagan sohada.
Xulosa
Ikki gap bilan: bepul o'qish muhim bo'lsa — "Davlat granti", aynan o'zingiz tanlagan yo'nalish muhim bo'lsa — "Ta'lim yo'nalishi". Avvalroq tanlov ustuvorligini belgilash tartibi haqida batafsil ma'lumot berilgandi. Tanlovda omad tilaymiz. Ta'limga oid eng muhim yangiliklarni InfoEdu.uz orqali kuzatib boring.
Reklama

















Izohlar (0)
Izoh yozish uchun tizimga kiring.