Test topshirdingiz, ballingizni bilasiz. Endi eng hal qiluvchi bosqich — yoʻnalish tanlash boshlandi. 2026-yil 25-iyuldan 8-avgustgacha abituriyentlar 15 kun davomida OTM va taʻlim yoʻnalishlarini tanlashlari kerak.
Avvalroq yoʻnalish tanlash boʻyicha muhim tavsiyalar bergan edik.
Qanday tanlanadi — bosqichma-bosqich
Yoʻnalish tanlash my.uzbmb.uz platformasi orqali amalga oshiriladi. Buning uchun:
- “Oliy va professional taʻlim muassasalariga qabul” boʻlimiga kiring
- “Xizmatdan foydalanish” tugmasini bosing
- “OTM tanlash” boʻlimiga oʻting
Dastlab abituriyent “Tanlov ustuvorligi” va “Maqsadli qabul” boʻyicha oʻz tanlovini amalga oshiradi. Shundan soʻng test topshirgan fanlar majmuasi va taʻlim tiliga mos boʻlgan beshtagacha OTM va yoʻnalishni taʻlim shakli bilan birga tanlaydi.
Muhim jihati: yoʻnalishlarni bitta OTM doirasida yoki turli OTMlar boʻyicha tanlash mumkin. Bu sizga kengroq imkoniyat yaratadi.
SMS orqali tasdiqlash va qayd varaqasi
Yoʻnalishlar tanlab, “Saqlash” tugmasi bosilgach, maʻlumotlarni tasdiqlash uchun telefon raqamingizga SMS xabar yuboriladi. Koddan keyin “Abituriyent qayd varaqasi” shakllanadi. Unda tanlagan ustuvorligingiz, taʻlim shakllari, OTM va yoʻnalishlaringiz toʻliq aks etadi. Qayd varaqasini yuklab olish ham mumkin.
Oʻzgartirish va muddatlar
Abituriyentlar yoʻnalish tanlash muddati 8-avgustgacha tanlovlarini oʻzgartirish va qayd varaqasini qayta yuklab olish imkoniyatiga ega. Ammo muddat tugagach, hech qanday oʻzgartirish kiritib boʻlmaydi.
Yakuniy tanlov natijalari esa yoʻnalish tanlash toʻliq yakunlangandan soʻng bir hafta ichida eʻlon qilinadi.
InfoEdu.uz — abituriyentlar uchun qabul jarayonining har bir bosqichini tezkor yoritib boruvchi manba.
Reklama
















Izohlar (0)
Izoh yozish uchun tizimga kiring.