Davlat va nodavlat oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida o‘qishni ko‘chirish tartibini soddalashtirish va amaldagi cheklovlarni yumshatish bo‘yicha yangi o‘zgarishlar tayyorlanmoqda. Hozirda amalda bo‘lgan o‘qishni ko‘chirish tartibi Prezidentning 2022-yil 15-iyundagi PQ-279-sonli qarori hamda Vazirlar Mahkamasining 403-sonli qarori bilan tartibga solib kelinmoqda.
Amaldagi tartibda qanday cheklovlar bor
Hozirgi qoidalarga ko‘ra, bir davlat OTMdan boshqa davlat OTMga o‘qishni ko‘chirishga faqat ikkita uzrli sabab bo‘lgandagina ruxsat beriladi:
• Talaba oila qurgan bo‘lsa va turmush o‘rtog‘ining doimiy yashash hududidagi OTMga ko‘chmoqchi bo‘lsa
• Davlat xizmatchisi xizmat yuzasidan boshqa hududga ko‘chirilganda, uning turmush o‘rtog‘i yoki voyaga yetmagan farzandining o‘qishini ko‘chirish zarurati tug‘ilsa
Aynan shu ikki qoida davlat oliygohidan nodavlat oliygohga hamda nodavlat OTMdan boshqa nodavlat OTMga o‘qishni o‘tkazishda ham tatbiq etib kelinayotgan edi. Bu esa ko‘plab talabalar uchun qiyinchilik tug‘dirayotgan edi.
Reklama
Nodavlat oliygohlarga kutilayotgan yengilliklar
Mutasaddi idoralar tomonidan tayyorlanayotgan yangi takliflarga ko‘ra, nodavlat oliy ta’lim muassasalariga ko‘chirish jarayonida sezilarli darajada akademik va tashkiliy erkinlik berilishi rejalashtirilmoqda:
• Davlat OTMdan nodavlat OTMga: nodavlat oliygohlarga mustaqillik beriladi va ular qaysi hollarda talabani qabul qilishni o‘zlari belgilaydi.
• Nodavlatdan boshqa nodavlat OTMga: ushbu yo‘nalishda ham oliygohlarning o‘ziga to‘liq erkinlik va vakolat taqdim etiladi.
• Xorijdan nodavlat OTMga: test sinovlari saqlab qolinadi, lekin o‘tish balini nodavlat oliygohning o‘zi belgilaydi. Asosiy shart — o‘tish bali 56,7 balldan kam bo‘lmasligi kerak.
Davlat OTMlariga o‘qishni ko‘chirish qoidalari
Xorijiy hamda mahalliy nodavlat OTMlardan davlat oliygohlariga o‘qishni ko‘chirishda mos va turdosh yo‘nalishlar bo‘yicha test yoki ijodiy imtihon topshiriladi. O‘tish balini to‘play olmaganlarga tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt (super-kontrakt) asosida o‘qishni davom ettirish imkoniyati beriladi.
Agar yo‘nalishlar mos va turdosh bo‘lmasa, davlat OTMlariga ko‘chirishga ruxsat berilmaydi. Ammo nodavlat OTMlarda turdosh bo‘lmagan yo‘nalishga bir martalik super-kontrakt to‘lash orqali imtihonsiz ko‘chirish tartibi saqlanib qoladi.
Bir OTM ichida yo‘nalish va tilni o‘zgartirish
Bitta davlat OTMi doirasida bir yo‘nalishdan boshqasiga o‘tish, ta‘lim shakli yoki ta‘lim tilini o‘zgartirish masalalari bevosita oliygoh rahbariyati tomonidan ko‘rib chiqiladi. Bunda ko‘chirilayotgan yo‘nalishning mosligi, OTMning moddiy-texnik imkoniyatlari hamda talabaning sabablari inobatga olinadi.
Shuningdek, joriy yilda o‘qishni ko‘chirish jarayonida test natijalari bilan birga talabadagi milliy va xalqaro sertifikatlar ham inobatga olinadi.
Arizalar qayerda va qachongacha qabul qilinadi
O‘qishni ko‘chirish bo‘yicha arizalar har yili 15-iyuldan 5-avgustga qadar onlayn tarzda qabul qilinadi. Arizalarni topshirish uchun quyidagi rasmiy platformalardan foydalaniladi:
• transfer.edu.uz — respublikaning bir davlat oliygohidan boshqa davlat oliygohiga yoki bir OTM ichida ko‘chirish uchun
• my.uzbmb.uz — xorijiy va nodavlat oliy ta‘lim muassasalaridan davlat OTMlariga ko‘chirish uchun
Hujjatlar topshirilgach, ularning haqqoniyligi qayta tekshiriladi. Soxta hujjatlar aniqlangan taqdirda talabaning imtihon natijalari bekor qilinadi va tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlarga ma’lumot beriladi.
Ha, nodavlat oliygohlarga mustaqillik berilishi kutilmoqda. Ular qaysi hollarda talabani qabul qilishni ozlari belgilaydi.
Kutilayotgan yangilikka kora otish balini nodavlat OTMning ozi belgilaydi, faqat u 56,7 balldan kam bolmasligi kerak.
Arizalar har yili 15-iyuldan 5-avgustga qadar transfer.edu.uz va my.uzbmb.uz platformalari orqali qabul qilinadi.

















Izohlar (0)
Izoh yozish uchun tizimga kiring.