O‘qishni ko‘chirish uchun ariza topshirishda eng ko‘p uchraydigan savollardan biri — "Sabab" qismiga nima yozish kerak?
Arizada keltiriladigan sabab o‘qishni ko‘chirish asosiga qarab farq qiladi. Quyida eng ko‘p uchraydigan holatlar uchun namunaviy sabablar keltirilgan.
O‘qishni ko‘chirish bo‘yicha arizalar va muddatlar haqida batafsil o‘qishni ko‘chirish uchun arizalar 15-iyuldan qabul qilinadi maqolasida tanishishingiz mumkin.
Reklama
Xorijdan o‘qishni ko‘chirish
Xorijdagi oliy ta'lim muassasasidan o‘qishni ko‘chirishda arizada quyidagi mazmundagi sabablarni ko‘rsatish mumkin:
- xorijda o‘qish qiyinchilik tug‘dirayotgani;
- ta'lim sifati qoniqtirmayotgani;
- diplomni keyinchalik nostrifikatsiya qilish bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelishi mumkinligi;
- O‘zbekistonda o‘qishni davom ettirish istagi mavjudligi.
Xorijdan o‘qishni ko‘chirish tartibi haqida ushbu batafsil qo‘llanmada tanishishingiz mumkin.
Nodavlat OTMdan turdosh yo‘nalishga o‘qishni ko‘chirish
Quyidagi sabablar misol tariqasida keltirilishi mumkin:
- davlat oliy ta'lim muassasasida tahsil olish istagi paydo bo‘lgani;
- ota-ona yoki turmush o‘rtog‘ining davlat OTMida o‘qishni davom ettirishni istayotgani;
- tahsil olayotgan oliy ta'lim muassasasidagi ta'lim sifati yoki boshqa sharoitlar qoniqtirmayotgani.
Nodavlat OTMdan noturdosh yo‘nalishga o‘qishni ko‘chirish
Bunday holatda arizada quyidagicha mazmundagi murojaat yozilishi mumkin:
"O‘z xohishimga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 13-sentabrdagi 578-son qaroriga muvofiq, noturdosh ta'lim yo‘nalishiga oshirilgan (super) kontrakt asosida o‘qishimni ko‘chirishda amaliy yordam berishingizni so‘rayman."
Mazkur tartib haqida super-kontrakt asosida o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha batafsil ma'lumot bilan tanishishingiz mumkin.
OTM ichida ta'lim yo‘nalishini o‘zgartirish
Arizada quyidagi sabablarni ko‘rsatish mumkin:
- hozirgi ta'lim yo‘nalishi qiziqishlariga mos emasligi;
- kelajakdagi faoliyatini ushbu sohada tasavvur qilmayotgani;
- boshqa yo‘nalish bo‘yicha malakali mutaxassis bo‘lishni maqsad qilgani;
- yashash hududida tanlanayotgan mutaxassislikka talab yuqoriligi.
OTM ichida ta'lim shaklini o‘zgartirish
Ta'lim shakliga qarab sabablar turlicha bo‘lishi mumkin.
Masalan, kechki ta'limdan kunduzgi ta'limga o‘tishda:
- qatnovdagi qiyinchiliklar;
- transport muammolari;
- ish va o‘qishni bir vaqtda olib borishdagi noqulayliklar.
Boshqa ta'lim shakllariga o‘tishda ham vaziyatga mos asoslar keltiriladi.
Uzrli sabab bilan o‘qishni ko‘chirish
Davlat xizmatchisining turmush o‘rtog‘i yoki farzandi
Agar ota-ona yoki turmush o‘rtog‘i xizmat joyi boshqa hududga ko‘chirilgan bo‘lsa, arizada ularning yangi ish joyi, ko‘chirilish sababi hamda o‘qishni tegishli hududdagi OTMga ko‘chirish so‘rovi bayon etiladi. Bunda tasdiqlovchi hujjatlar ilova qilinadi.
Turmush qurish munosabati bilan
Turmush qurganligi sababli doimiy yashash manzili o‘zgargan fuqarolar arizada nikohdan so‘ng yangi yashash joyiga ko‘chganini ko‘rsatib, o‘qishni shu hududdagi oliy ta'lim muassasasiga ko‘chirishni so‘rashi mumkin. Arizaga tegishli hujjatlar ilova qilinadi.
InfoEdu.uz tavsiya etishicha, arizada ko‘rsatiladigan sabablar haqiqiy holatga mos bo‘lishi va zarur hollarda ularni tasdiqlovchi hujjatlar ilova qilinishi lozim.

















Izohlar (0)
Izoh yozish uchun tizimga kiring.