O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan talabalar uchun muhim yangilik: endilikda o‘qish joyidan ma’lumotnomani dekanatda navbat kutmasdan, my.gov.uz portali orqali bir zumda olish imkoniyati mavjud.
Odatda, talabalar ishga joylashish, bank xizmatlaridan foydalanish, avia yoki temir yo‘l kassalari hamda mudofaa bo‘limlariga taqdim etish uchun ushbu hujjatga ehtiyoj sezadilar. Hozirda ko‘plab oliygohlar talabalari uchun bu jarayon to‘liq raqamlashtirilgan bo‘lib, ortiqcha ovoragarchiliklarga chek qo‘yilgan.
Onlayn xizmatning asosiy afzalliklari
“O‘qish joyidan ma’lumotnoma olish” xizmati talabalarga quyidagi qulayliklarni taqdim etadi:
- Xizmat mutlaqo bepul ko‘rsatiladi;
- Elektron raqamli imzo (ERI) talab etilmaydi;
- Jarayon to‘liq avtomatlashgan bo‘lib, inson omilisiz amalga oshiriladi;
- Tayyor ma’lumotnomani shaxsiy kabinetdan PDF shaklida yuklab olish va hujjatlar repozitoriysida saqlab qo‘yish mumkin.
Elektron hujjatning qonuniy kuchi
Yagona portal orqali olingan hujjatlar qog‘oz shaklidagi hujjatlar bilan bir xil qonuniy kuchga ega. Davlat organlari va boshqa tashkilotlar bunday hujjatlarni qabul qilishni rad etishga haqli emas, bu qat’iyan man etiladi.
Ushbu qulaylik talabalarning vaqtini tejash va sifatli xizmat ko‘rsatish maqsadida joriy etilgan. Boshqa foydali yangiliklarni talaba rukni orqali kuzatib borishingiz mumkin.

















Izohlar (0)
Izoh yozish uchun tizimga kiring.