Ijtimoiy tarmoqlarda Olmaliq shahridagi 38-sonli maktabgacha taʼlim muassasasida daraxtlar noqonuniy ravishda kesilgani haqida xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan Toshkent viloyati Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi rasmiy munosabat bildirdi.
Bog‘cha hududida 30 tupga yaqin daraxt kesilgan
Rasmiy maʼlumotlarga ko‘ra, holat ekologiya xodimlari hamda maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘rganilgan.
Tekshiruv davomida Olmaliq shahridagi 38-sonli bog‘cha hududida hech qanday ruxsatnomasiz qariyb 30 tup terak daraxti kesib tashlangani aniqlangan.
Direktorga maʼmuriy jarima qo‘llanildi
Mazkur holat bo‘yicha muassasa direktoriga nisbatan Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 79-moddasi 1-qismi asosida maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.
Shunga ko‘ra, bog‘cha direktoriga bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari miqdorida jarima qo‘llanib, u 20 million 600 ming so‘m to‘lashi belgilandi.
Rasmiy bayonot bilan Ekologiya boshqarmasining Telegram sahifasi orqali tanishish mumkin.
Ruxsatsiz daraxt kesish qonunga zid
Mutasaddilar fuqarolarga daraxt va butalarni ruxsatnomasiz kesish qatʼiyan taqiqlanishini yana bir bor eslatdi.
“Daraxt va butalarni ruxsatnomasiz kesish qonunga xilof hisoblanadi va bunday holatlar uchun javobgarlik mavjud”, — deyiladi rasmiy munosabatda.
Ekologlar noqonuniy daraxt kesish holatlariga qarshi nazorat kuchaytirilayotganini ham taʼkidladi.








Izohlar (0)
Izoh yozish uchun tizimga kiring.