Namangan viloyatining Yangiqo‘rg‘on tumanida faoliyat yurituvchi oilaviy nodavlat maktabgacha ta'lim tashkiloti rahbaridan 600 AQSH dollari miqdorida pora talab qilgan tuman Maktabgacha va maktab ta'limi bo‘limi mansabdorlariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Ma'lum qilinishicha, bog‘cha rahbari Biznes-ombudsmanning Korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha ishonch telefoniga murojaat qilib, tuman Maktabgacha va maktab ta'limi bo‘limi mas'ullari tadbirkorlik subyektlari faoliyatidagi kamchiliklarga ko‘z yumish evaziga pul talab qilayotganini bildirgan.
Tezkor tadbir davomida nima aniqlandi?
Reklama
Tadbirkorning murojaati asosida Biznes-ombudsman devonining Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat shu'basi hamda Ichki ishlar vazirligi xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilgan.
Tadbir davomida tuman MMTBning mas'ul xodimi arizachidan kimyoviy ishlov berilgan 600 AQSH dollarini olgan vaqtida qo‘lga olingan.
Qayd etilishicha, u olingan pullarning bir qismini o‘zida qoldirib, qolgan qismini boshqa xodimga bergan paytda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Jinoyat ishi qaysi modda bilan qo‘zg‘atildi?
Hozirda Yangiqo‘rg‘on tuman prokuraturasi tomonidan tuman Maktabgacha va maktab ta'limi bo‘limi boshlig‘i hamda ushbu bo‘limning ayrim xodimlariga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 210-moddasi 2-qismi "v" va "g" bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Dastlabki tergov harakatlari davom ettirilmoqda.

















Izohlar (0)
Izoh yozish uchun tizimga kiring.