Marg‘ilon shahridagi xususiy bog‘cha rahbari avtomobilida 2 yosh 10 oylik bola qolib ketib, vafot etgani yuzasidan jinoyat ishi sudda ko‘rib chiqildi. Ayolga 3 yilga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.
Sud hujjatlariga ko‘ra, ayol 2019-yildan yakka tartibdagi tadbirkor sifatida faoliyat yuritgan va keyinchalik davlat-xususiy sheriklik asosida xususiy bog‘cha tashkil qilgan. Ayrim ota-onalar farzandlarini bog‘chaga olib borib-kelishda undan yordam so‘ragan, shu bois rahbar ba’zan tarbiyalanuvchilarni o‘zining Nexia-3 avtomobilida tashib yurgan.
Sud hujjatlarida qayd etilgan holatlar
2026-yil 23-iyun kuni ertalab bog‘cha rahbari bir necha bolani bog‘chaga olib ketgan. Yo‘lda farzandlarini shu bog‘chaga olib borayotgan ayol ham ularga qo‘shilgan.
Bog‘chaga yetib kelgach, ayol o‘z farzandlarini tushirib, boshqa bir bolaga ham mashinadan chiqishga yordam bergan. Qolgan bolani bog‘cha rahbari tushiradi deb o‘ylab, u farzandlari bilan ichkariga kirgan. Biroq bola avtomobilda qolib ketgan.
Sud hujjatlarida qayd etilishicha, bog‘cha rahbari barcha bolalar mashinadan tushgan deb hisoblab, avtomobilni salqinroq joyga olib borgan, eshiklarini qulflab bog‘chaga kirgan. Keyin hujjatlar bilan shug‘ullangan va bolalarga tushlik berishda yordam bergan. Taxminan soat 11:40 larda u uyiga ketgan. Shundan so‘ng avtomobil eshigi ochilganda ichida bola borligi aniqlangan.
Bog‘cha rahbari bolani mashinadan olib, bog‘chaga kiritgan va tez tibbiy yordam chaqirgan. Bola shifoxonaga olib borilgan, biroq shifokorlar uning vafot etganini ma’lum qilgan.
Ekspertiza xulosasi va sud qarori
Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, bolaning yopiq avtomobilda uzoq vaqt qolishi oqibatida nafas olish va yurak-qon tomir faoliyati buzilgan. Mazkur holat uning o‘limiga sabab bo‘lgan.
Sud bog‘cha rahbari xizmat vazifalarini lozim darajada bajarmagani oqibatida bola vafot etgan, degan xulosaga kelgan. Marg‘ilon shahar sudi hukmi bilan u Jinoyat kodeksining 116-moddasi 3-qismi bilan aybli deb topilgan va 3 yilga ozodlikni cheklash jazosiga hukm qilingan.
Shuningdek, u 3 yil muddatga maktabgacha ta’lim sohasida mansabdorlik vakolati va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilingan.
Tomonlarning pozitsiyasi
Sudda bolaning otasi farzandlarini bog‘chaga olib borib-kelishda sudlanuvchidan yordam so‘raganini va buning uchun undan haq olinmaganini bildirgan. U sudlanuvchiga nisbatan moddiy va ma’naviy zarar hamda jazo masalasida talabi yo‘qligini aytgan.
Joriy yilning iyun oyida Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanidagi oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotida ham 3 yoshli tarbiyalanuvchi transport vositasida unutib qoldirilishi oqibatida vafot etgan edi. Voqeadan keyin bog‘chani yuritgan yakka tartibdagi tadbirkor bilan tuzilgan tegishli bitim hujjatlari bekor qilingan.
















