Maqsadli qabul nima va u oddiy qabuldan nimasi bilan farq qiladi

Maqsadli va maqsadsiz qabul oʻrtasidagi farqlar, 5 yillik majburiyat, hududiy cheklovlar va qaysi biri grantga kirish ehtimolini oshirishi haqida toʻliq tushuntirish.

Maqsadli qabul nima va u oddiy qabuldan nimasi bilan farq qiladi

Yoʻnalish tanlash vaqtida koʻpchilik abituriyentda aynan shu savol tugʻiladi. Maqsadli qabulnimi yoki oddiy grantnimi tanlash kerak? Bu ikki tizim bir-biridan nafaqat kvotalar, balki oʻqishni tamomlagandan keyingi majburiyatlari bilan ham farq qiladi.

Avvalroq bu yilgi qabulda abituriyentlar soni kamayib, kvotalar oshgani haqida yozgan edik.

Maqsadsiz qabul — oddiy tanlov

Maqsadsiz qabul bu barcha abituriyentlar ishtirok etadigan odatiy qabul tizimi. Bu holatda hududiy cheklov yoʻq — istalgan hududdan istalgan OTMga topshirish mumkin, barcha bilan teng raqobatlashasiz va oʻqishni tamomlagach hech qanday hududda ishlab berish majburiyati yoʻq.

Maqsadli qabul — imtiyoz va majburiyat

Maqsadli qabul — bu davlat tomonidan ayrim hududlar yoki tarmoqlarda oliy maʻlumotli mutaxassislar yetishmasligini bartaraf etish uchun ajratiladigan alohida davlat granti kvotalari. 2026-yilda maqsadli kvotalar quyidagicha taqsimlangan:

  • Sogʻliqni saqlash — 1 031 ta
  • Maktab taʻlimi — 648 ta
  • Sanʻat sohasi — 4 ta

Kimlar qatnashishi mumkin

Maqsadli kvotalar faqat oʻsha hududda doimiy roʻyxatda turadigan yoki shu hududdagi maktab yoki texnikumda oʻqigan abituriyentlar uchun amal qiladi. Boshqa viloyatdagilar bu kvotada ishtirok eta olmaydi.

5 yillik majburiyat — eng muhim shart

Maqsadli grant asosida oʻqishga kirgan talaba kamida 5 yil davomida kvota ajratilgan hudud yoki tashkilotda ishlashi shart. Aks holda, grant xarajatlari davlatga qaytariladi. Talaba, hokimlik, kadrlar buyurtmachisi va OTM oʻrtasida toʻrt tomonlama shartnoma tuziladi. Shuningdek, maqsadli qabul asosida oʻqiyotgan talabalar uchun boshqa OTMga oʻqishni koʻchirish taqiqlanadi.

Asosiy farqlar jadvali

Mezon Maqsadli qabul Maqsadsiz qabul
Hududiy cheklov Faqat oʻz hududingiz Butun respublika
Ishlab berish majburiyati Kamida 5 yil Yoʻq
Raqobat darajasi Odatda pastroq Yuqori
OTM koʻchirish Taqiqlanadi Ruxsat etiladi
Agar kira olmasa Umumiy tanlovda davom etadi

Qaysi birida grantga kirish ehtimoli yuqoriroq

Bu savolga yagona javob yoʻq, lekin amaliyotda maqsadli kvotalarda raqobat odatda pastroq. Sababi: faqat bitta hudud abituriyentlari qatnashadi, kvotalar alohida ajratiladi, ayrim hududlarda talabgorlar soni kam. Ammo tibbiyot kabi yoʻnalishlarda maqsadli kvotalarda ham raqobat juda yuqori.

5 ta tanlovning barchasini maqsadli qilish mumkinmi

Ha. Abituriyent oʻzi tanlaydigan 5 ta yoʻnalishning barchasini maqsadli kvota ajratilgan yoʻnalishlardan tanlashi mumkin. Muhim shart: tanlangan yoʻnalishlar boʻyicha aynan sizning hududingizga kvota ajratilgan boʻlshi kerak. Shuningdek, “Davlat granti” yoki “Taʻlim yoʻnalishi” ustuvorligining ahamiyati yoʻq — qaysi birini tanlasangiz ham maqsadli kvota boʻyicha tanlovda qatnashasiz.

Xulosa

Agar oʻqishni tamomlab oʻz hududingizda 5 yil ishlashga tayyor boʻlsangiz, maqsadli qabul grantga kirish ehtimolini sezilarli oshiradi. Agar erkinlik muhimroq boʻlsa, maqsadsiz qabulni tanlang. Har ikki holatda ham qaroringiz nafaqat bugungi kunga, balki keyingi 5 yilga taʻsir qilishini unutmang.

InfoEdu.uz abituriyentlar uchun qabul jarayonining murakkab jihatlarini sodda tilda tushuntirishda davom etadi.

Maqsadli grant asosida o'qigan talaba kamida 5 yil belgilangan hudud yoki tashkilotda ishlashi shart. Agar bu majburiyatni bajarmasa, grant asosida o'qish uchun sarflangan barcha xarajatlarni davlatga qaytarishi kerak.
Ha, agar abituriyent maqsadli kvota bo'yicha talabalikka tavsiya etilmasa, u avtomatik ravishda umumiy grant va kontrakt tanlovida qatnashadi. Maqsadli qabul qo'shimcha imkoniyat — u orqali kira olmasangiz ham asosiy tanlovdagi imkoniyatingiz saqlanib qoladi.
Yo'q, maqsadli kvotalar faqat shu hududda doimiy ro'yxatda turadigan yoki shu hududdagi maktab yoki texnikumda o'qigan abituriyentlar uchun amal qiladi.

Reklama

Reklama

Umidjon EsirgapovU
MUALLIFUmidjon EsirgapovInfoedu.uz asoschisi marketing va ta’lim sohasida 5 yillik tajribaga ega ekspert.

Izohlar (0)

Izoh yozish uchun tizimga kiring.

O'xshash maqolalar

Eng ko'p o'qilganlar