2026/2027-o‘quv yilidan boshlab ehtiyojmand oilalarda voyaga yetgan xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida oliy ta’lim uchun ajratiladigan davlat granti kvotasi ikki barobar oshiriladi.
Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan Ko‘ksaroy qarorgohida o‘tkazilgan tantanali tadbirda ma’lum qildi.
Grant kvotasi 4 mingtagacha oshiriladi
Reklama
Yangi tartibga ko‘ra, ehtiyojmand oilalardagi ayollar uchun ajratiladigan davlat granti kvotasi 2 barobarga ko‘paytirilib, 4 mingta etib belgilanadi.
Mazkur tashabbus xotin-qizlarning oliy ta’lim olish imkoniyatlarini yanada kengaytirishga qaratilgan.
Oliy ta’limdagi qizlar soni ortmoqda
Ma’lum qilinishicha, bugungi kunda oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan qizlar soni 904 ming nafardan oshgan.
Bu esa O‘zbekistondagi jami talabalarning 54 foizini tashkil etadi.
Shuningdek, o‘tgan yili 60 nafar o‘zbekistonlik qiz dunyoning eng nufuzli oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilingani qayd etildi.
Magistratura kontrakti davlat tomonidan qoplanadi
Yana bir muhim yangilikka ko‘ra, dunyoning Top-300 talik oliy ta’lim muassasalari bilan qo‘shma ta’lim dasturlari asosida magistraturada tahsil olayotgan talaba-qizlarning kontrakt to‘lovlari davlat hisobidan qoplanadi.
Bu tashabbus xalqaro darajadagi ta’lim imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Startap g‘oyalarga 500 million so‘mgacha grant ajratiladi
Har yili xotin-qizlarning innovatsion loyihalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida kamida 10 ta yo‘nalish bo‘yicha startap tanlovlari tashkil etiladi.
Har bir yo‘nalish g‘olibiga Innovatsiya jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 500 million so‘mgacha grant ajratilishi belgilangan.
Texnikumda o‘qiydigan qizlar uchun ham davlat granti
Yangi tartibga muvofiq, maktabning 11-sinfini tamomlab davlat texnikumlariga o‘qishga kirgan qizlarni kasbga o‘qitish xarajatlari ham to‘liq davlat granti asosida moliyalashtiriladi.
Bu orqali qizlarning kasb-hunar egallashi va mehnat bozorida raqobatbardosh mutaxassis bo‘lib yetishishi qo‘llab-quvvatlanadi.
Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi bosqich
E’lon qilingan yangi choralar oliy ta’lim, ilmiy faoliyat, innovatsiya va kasb-hunar ta’limi yo‘nalishlarida xotin-qizlar uchun yanada keng imkoniyatlar yaratishga qaratilgan.
Davlat granti kvotalarining oshirilishi, magistratura kontraktlarini qoplash hamda startap loyihalarini moliyalashtirish ayollarning ta’lim va ilm-fandagi faolligini yanada oshirishi kutilmoqda.

















Izohlar (0)
Izoh yozish uchun tizimga kiring.