2026-yil 1-oktyabrdan career.edu.uz platformasida “Xorijdagi talabalar” moduli ishga tushirilishi rejalashtirilmoqda. Mazkur modul xorijda tahsil olayotgan o‘zbekistonlik yoshlarni davlat idoralari va xususiy sektor bilan bog‘lashga xizmat qiladi.
Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev iqtidorli boshqaruvchilarni saralash va yangi avlod rahbarlarini tayyorlash bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishgan yig‘ilishda ma'lum qilindi.
“TOP-100” ochiq tanlovi o‘tkaziladi
Reklama
Taqdimotda rahbarlik lavozimlari uchun milliy kadrlar zaxirasini shakllantirishga qaratilgan “TOP-100” ochiq tanlovini tashkil etish mexanizmi ham taqdim etildi.
Tanlov quyidagi yo‘nalishlarni qamrab oladi:
- agrar soha;
- sog‘liqni saqlash;
- tadbirkorlik;
- sud-huquq;
- ta'lim;
- axborot texnologiyalari;
- sun'iy intellekt.
Nomzodlar test, kompleks kasbiy baholash va suhbat bosqichlaridan o‘tadi. G‘oliblar maxsus o‘quv dasturlarida tayyorlanib, milliy kadrlar zaxirasiga kiritiladi.
“Xorijdagi talabalar” moduli qanday ishlaydi?
Ta'kidlanishicha, yangi modul orqali xorijda tahsil olayotgan yoshlar:
- davlat idoralari va xususiy korxonalarga biriktiriladi;
- amaliyot o‘tash imkoniyatiga ega bo‘ladi;
- ish beruvchilar bilan bevosita muloqot qiladi;
- kelgusida ishga joylashish jarayonida qo‘llab-quvvatlanadi.
InfoEdu.uz tahliliga ko‘ra, mazkur modul xorijdagi o‘zbekistonlik talabalar salohiyatidan samarali foydalanish hamda ularning mamlakat taraqqiyotidagi ishtirokini kuchaytirishga qaratilgan.
“El-yurt umidi” jamg‘armasi faoliyati takomillashtiriladi
Yig‘ilishda “El-yurt umidi” jamg‘armasi faoliyatini yanada takomillashtirish masalalari ham muhokama qilindi.
Qayd etilishicha, jamg‘arma transformatsiyasi natijasida dunyoning TOP-100 universitetlarida tahsil olayotgan stipendiatlar ulushi 30 foizdan 80 foizga yetgan.
Yangi tartib asosida o‘tkazilgan uchta tanlov yakunlariga ko‘ra esa 447 nafar iqtidorli yosh jamg‘arma stipendiyasiga sazovor bo‘lgan.
Shuningdek, iqtidorli yoshlarni xorijiy universitetlarda manzilli tayyorlash, yirik korxonalar bilan hamkorlikda ta'lim xarajatlarini moliyalashtirish, nufuzli xorijiy universitetlar bilan qo‘shma dasturlarni yo‘lga qo‘yish hamda bitiruvchilarning ilmiy tadqiqotlari va startaplarini kichik grantlar orqali qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha takliflar bildirildi.
Avvalroq kadrlarni baholashda “obyektivka” tizimidan voz kechilishi rejalashtirilayotgani haqida ham xabar berilgan edi.












Izohlar (0)
Izoh yozish uchun tizimga kiring.