Prezident Shavkat Mirziyoyev iqtidorli boshqaruvchilar, liderlar va yangi avlod rahbarlarini aniqlash hamda tayyorlash bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
Prezident matbuot xizmati ma'lum qilishicha, taqdimotda kadrlarni baholash tizimini zamonaviylashtirish, istiqbolli mutaxassislarni saralash hamda “El-yurt umidi” jamg‘armasi orqali iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama qilingan.
Sun'iy intellekt 50 dan ortiq zamonaviy kasbga ehtiyojni aniqladi
Reklama
Taqdimotda qayd etilishicha, sun'iy intellekt yordamida tarmoqlar va hududlarning drayver yo‘nalishlari tahlil qilingan.
Natijada 50 dan ortiq zamonaviy kasb bo‘yicha boshqaruv kadrlariga ehtiyoj mavjudligi aniqlangan.
“Obyektivka” o‘rniga portfolio tizimi joriy etiladi
Takliflarga ko‘ra, kadrlarni baholashda qo‘llanib kelayotgan eskicha “obyektivka” usulidan voz kechish rejalashtirilmoqda.
Uning o‘rniga nomzodning:
- bilim darajasi;
- kasbiy tajribasi;
- psixologik xususiyatlari;
- strategik fikrlashi;
- liderlik qobiliyatini
qamrab oladigan portfolio tizimi joriy etilishi ko‘zda tutilgan.
Boshqaruvchilar 100 ballik mezon asosida baholanadi
Yangi tizimga muvofiq, istiqbolli boshqaruvchilar raqamli texnologiyalar asosida 100 ballik mezon bo‘yicha baholanadi.
Shuningdek, katta ma'lumotlar (Big Data) va biznes-tahlil vositalari yordamida salohiyatli kadrlar aniqlanib, ular uchun sun'iy intellekt asosida individual kasbiy rivojlanish rejalari ishlab chiqilishi rejalashtirilgan.
Tizim qaysi sohalarda sinovdan o‘tkaziladi?
Taklifga ko‘ra, yangi baholash tizimi dastlab quyidagi yo‘nalishlarda sinov tariqasida joriy etiladi:
- qishloq xo‘jaligi;
- oliy ta'lim;
- qurilish.
2030-yilgacha 1,5 ming nafar rahbarlar zaxirasi yaratiladi
Rejaga ko‘ra, har ikki yilda 500 nafardan istiqbolli boshqaruvchi saralab olinadi.
Natijada 2030-yilga qadar 1,5 ming nafar yuqori salohiyatli mutaxassisdan iborat yangi avlod rahbar kadrlar zaxirasini shakllantirish ko‘zda tutilgan.








Izohlar (0)
Izoh yozish uchun tizimga kiring.