Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumanida joylashgan maktabning achinarli holati aks etgan video keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Ushbu holat yuzasidan Qashqadaryo viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi rasmiy izoh berdi.
Video qaysi maktabga tegishli?
Boshqarma ma’lumotiga ko‘ra, tarqalgan video tasvirlar Dehqonobod tumani Beshqo‘ton MFY, Shakarbuloq qishlog‘ida joylashgan 80-sonli umumta’lim maktabiga tegishli. Mazkur maktabda hozirda 14 ta sinf mavjud bo‘lib, unda 142 nafar o‘quvchi tahsil oladi.
Qayd etilishicha, maktab yangi va eski binolardan iborat. Yangi bino 80 o‘rinli bo‘lib, 5 ta sinfxonaga ega.
Vaqtinchalik holat va qabul qilingan qaror
Qish faslining sovuq va qorli kunlarida ayrim ota-onalar tomonidan eski binodan foydalanmaslik bo‘yicha murojaatlar bildirilgan. Shu sababli, maktab rahbariyati 14 ta sinfni yangi binoga ikki navbatda joylashtirish imkoni bo‘lmagani bois, ota-onalar talabi asosida qishloqda bir necha yildan beri foydalanilmay kelgan xonadonga 2 ta sinfni bir kunga vaqtincha joylashtirishga majbur bo‘lgan.
Hozirgi holat: darslar yangi binoda
Boshqarma rasmiy munosabatida ta’kidlanishicha, hozirda barcha sinflar yangi binoga joylashtirilgan. Shuningdek, o‘quv jarayonlari ikki navbatda tashkil etilib, darslar belgilangan tartibda davom ettirilmoqda.
Mazkur izoh orqali ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videodagi holat vaqtinchalik bo‘lgani va muammo qisqa fursatda bartaraf etilgani ma’lum qilindi.




















