2026-yilgi Davlat dasturining “Har bir insonga o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun munosib sharoitlar yaratish” yo‘nalishi doirasida ta’lim, sog‘liqni saqlash va aholi bandligini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qator amaliy tadbirlar belgilandi.
Dasturda maktabgacha ta’limdan tortib oliy ta’limgacha bo‘lgan tizimni rivojlantirish, aholining profilaktik tibbiy ko‘riklardan o‘tishini kengaytirish hamda xotin-qizlar bandligiga ko‘maklashish masalalari qamrab olingan.
Maktablar kompyuter sinflari bilan jihozlanadi
Reklama
2026-yilda umumta’lim maktablarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratiladi.
Rejaga ko‘ra:
- umumta’lim maktablari 1 000 ta kompyuter sinfi bilan ta’minlanadi;
- maktablarga 6 300 ta interaktiv doska yetkazib beriladi;
- umumiy o‘rta ta’lim muassasalariga jalb etilgan xorijiy mutaxassislar soni 2 ming nafarga yetkaziladi;
- 120 ming nafar tarbiyachi va o‘qituvchi malaka oshirishdan o‘tkaziladi;
- 150 nafar tarbiyachi va o‘qituvchi xorijiy mamlakatlarga malaka oshirish va stajirovkaga yuboriladi.
Bu chora-tadbirlar maktablarda zamonaviy ta’lim muhitini yaratish, raqamli texnologiyalardan foydalanishni kengaytirish va o‘qituvchilarning kasbiy salohiyatini oshirishga xizmat qiladi.
Maktabgacha ta’lim qamrovi 78 foizda saqlanadi
Davlat dasturida maktabgacha ta’lim tizimini rivojlantirish bo‘yicha ham aniq vazifalar belgilangan.
Unga ko‘ra, maktabgacha ta’lim bilan qamrov amaldagi 78 foiz darajasida saqlab qolinadi. Shuningdek, nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari o‘quv-metodik qo‘llanmalar va didaktik materiallar bilan ta’minlanadi.
Bundan tashqari, 1 500 ta oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.
Prezident maktablari tajribasi kengaytiriladi
2026-yilda Prezident maktablari va ixtisoslashtirilgan maktablarning baholash tizimi joriy etilgan umumiy o‘rta ta’lim muassasalari ulushi 4 500 taga oshiriladi.
Shuningdek, nodavlat umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari soni 800 taga yetkazilishi belgilangan.
Oliy ta’limda yangi binolar va kutubxona fondi
Dasturda oliy ta’lim tashkilotlari infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha ham vazifalar bor.
Jumladan:
| Yo‘nalish | Belgilangan chora |
|---|---|
| Talabalar turar joyi | 12 110 o‘rinli turar joylar quriladi |
| O‘quv binolari | 4 000 o‘rinli o‘quv binolari barpo etiladi |
| Kutubxona fondi | 220 000 mingta zamonaviy adabiyotlar bilan to‘ldiriladi |
Shuningdek, xalqaro ma’lumotlar bazalarida indekslanuvchi jurnallarda ilmiy-tadqiqot ishlari natijalarini nashr etgan yosh olimlar qo‘llab-quvvatlanadi.
11 million aholi profilaktik ko‘rikdan o‘tkaziladi
2026-yilgi Davlat dasturida sog‘liqni saqlash yo‘nalishi bo‘yicha aholining profilaktik tekshiruvlarini kengaytirish belgilangan.
Xususan, 18–40 yoshli 11,0 million nafar aholi profilaktik ko‘rikdan o‘tkaziladi.
Bundan tashqari, 40 va undan katta yoshdagi 7,3 million nafar aholi orasida eng ko‘p uchraydigan yurak-qon tomir kasalliklari, qandli diabet, surunkali respirator kasalliklar va xavfli o‘smalarni aniqlash maqsadida profilaktik tibbiy ko‘riklar tashkil etiladi.
Bolalar va homilador ayollarga bepul vitaminlar beriladi
Dastur doirasida ona va bola salomatligini muhofaza qilish bo‘yicha ham muhim choralar nazarda tutilgan.
Tug‘ish yoshidagi va homilador ayollar hamda bolalarga 7 turdagi vitaminlar, yod va foliy kislotasi bepul tarqatiladi.
Shuningdek, 5,6 million nafar bola 13 turdagi vaksinalar bilan boshqariluvchi yuqumli kasalliklarga qarshi emlanadi.
Xotin-qizlar bandligiga ko‘maklashiladi
2026-yilda xotin-qizlarni ish bilan ta’minlash masalasi ham Davlat dasturining muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilangan.
Rejaga ko‘ra, 210 242 nafar xotin-qizning ishga joylashishiga ko‘maklashiladi. Bu chora ayollar bandligini oshirish, ularning iqtisodiy faolligini qo‘llab-quvvatlash va barqaror daromad manbalariga ega bo‘lishiga xizmat qiladi.
Muhim raqamlar
| Yo‘nalish | Ko‘rsatkich |
|---|---|
| Kompyuter sinflari | 1 000 ta |
| Interaktiv doskalar | 6 300 ta |
| Profilaktik ko‘rikdan o‘tadigan 18–40 yoshli aholi | 11,0 mln nafar |
| Ishga joylashishiga ko‘maklashiladigan xotin-qizlar | 210 242 nafar |
| Oilaviy nodavlat MTTlar | 1 500 ta |
| Malaka oshiradigan tarbiyachi va o‘qituvchilar | 120 ming nafar |
| Emlanadigan bolalar | 5,6 mln nafar |









Izohlar (0)
Izoh yozish uchun tizimga kiring.