Oliy ta'lim muassasalariga kirish test sinovlarida har bir abituriyent test boshlanishidan oldin test kitobchasini diqqat bilan tekshirishi lozim. Test materialidagi texnik nuqsonlarni o‘z vaqtida aniqlash keyinchalik yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan tushunmovchiliklarning oldini oladi.
Test kitobchasida nimalarni tekshirish kerak?
Test materialini olganingizdan so‘ng quyidagilarga e'tibor bering:
Reklama
- mutaxassislik fanlari bo‘yicha 60 ta savol (har bir fandan 30 tadan) mavjudligi;
- majburiy fanlar bo‘yicha 30 ta savol to‘liq berilgani;
- har bir test savolida 4 ta javob varianti mavjudligi;
- kitobchaning barcha sahifalari to‘liq va sifatli chop etilgani.
Test kitobchasida nuqson aniqlansa nima qilish kerak?
Agar test kitobchasida:
- sahifalar yetishmasa;
- ayrim savollar bosilmagan bo‘lsa;
- javob variantlari o‘qib bo‘lmaydigan holatda bo‘lsa;
- boshqa texnik nuqsonlar aniqlansa,
darhol auditoriyadagi guruh nazoratchisiga murojaat qilish kerak.
Texnik xatolar uchun ball beriladimi?
Oldingi yillardagi amaliyotga ko‘ra, test topshirig‘ida texnik xatolik aniqlanib, u belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan bo‘lsa, ayrim holatlarda abituriyent foydasiga qaror qabul qilinishi mumkin.
InfoEdu.uz eslatishicha, buning uchun nuqsonni imtihon davomida nazoratchiga ma'lum qilish va belgilangan tartibda qayd ettirish muhim hisoblanadi.
Test kuni yana nimalarga e'tibor berish kerak?
Test sinoviga quyidagi hujjatlar bilan kelish majburiy:
- pasport yoki ID-kartaning asl nusxasi;
- abituriyent ruxsatnomasi.
Shuningdek, abituriyentlarga test boshlanishidan kamida 1,5 soat oldin test o‘tkaziladigan hududga yetib borish tavsiya etiladi.
















Izohlar (0)
Izoh yozish uchun tizimga kiring.