Yangi o‘quv yili yaqinlashar ekan, ko‘plab ota-onalar farzandini 1-sinfga joylashtirish masalasida qaror qabul qilmoqda. Mutaxassislarning ta'kidlashicha, bu jarayonda bolaning yoshi, psixologik tayyorgarligi va ta'lim tili imkoniyatlarini to‘g‘ri baholash muhim ahamiyatga ega.
Psixolog va pedagoglar bolani maktabga chiqarishda faqat yosh emas, balki uning jismoniy, aqliy va ruhiy rivojlanish darajasini ham hisobga olish kerakligini ta'kidlamoqda.
Bolani 6 yoshdan maktabga berish kerakmi?
Reklama
Mutaxassislar fikriga ko‘ra, 6 yoshli bolaning maktab ta'limini boshlashi ayrim holatlarda erta bo‘lishi mumkin.
Chilonzor tumanidagi 217-maktab psixologi Sanjar Ablakulovning aytishicha, maktabga tayyor bola quyidagi ko‘nikmalarga ega bo‘lishi lozim:
- diqqatni jamlay olishi;
- mantiqiy fikrlashi;
- xotirasining yetarli darajada rivojlangan bo‘lishi;
- mayda qo‘l motorikasining shakllanganligi;
- matematik va fazoviy tasavvurlarga ega bo‘lishi;
- og‘zaki nutqining rivojlanganligi;
- rasm asosida mantiqiy hikoya tuza olishi;
- eshitgan 10–12 ta so‘zni eslab takrorlay olishi;
- shakl va yozuvlarni namunaga qarab ko‘chira olishi.
Mutaxassisning ta'kidlashicha, ushbu ko‘nikmalar yetarli darajada shakllanmagan bo‘lsa, bola o‘qish va yozishni o‘zlashtirishda qiyinchiliklarga duch kelishi mumkin.
Maktabga tayyor bo‘lmagan bolada qanday muammolar kuzatilishi mumkin?
Psixologlarga ko‘ra, maktabga ruhiy jihatdan tayyor bo‘lmagan bolalarda:
- stress;
- tajovuzkorlik;
- injiqlik;
- uyqusizlik;
- ishtahaning pasayishi;
- jismoniy rivojlanishning sekinlashishi;
- maktab muhitiga moslashishda qiyinchiliklar
kabi holatlar yuzaga kelishi ehtimoli ortadi.
Qashqadaryo viloyatidan pedagog B. Haydarovaning ta'kidlashicha, 1-sinfga qabul qilingan barcha bolalar bir xil talablar asosida ta'lim oladi. Shu sababli bolaning maktab tartib-qoidalari, tengdoshlari bilan muloqot va o‘quv yuklamasiga ruhiy tayyorligi muhim hisoblanadi.
Rus tilini bilmaydigan bolani rus sinfiga berish to‘g‘rimi?
Maqolada ko‘tarilgan yana bir muhim masala — rus tilini bilmaydigan bolalarni rus tilida ta'lim beriladigan sinflarga joylashtirishdir.
107-maktab boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi N. Annenkovaning fikricha, bunday o‘quvchilar darslarni o‘zlashtirishda ko‘proq qiyinchilikka duch keladi. Natijada o‘qituvchi mavzuni qo‘shimcha tushuntirishga vaqt sarflaydi, bu esa butun sinfning o‘quv dasturiga ta'sir ko‘rsatishi mumkin.
Mutaxassisning ta'kidlashicha, rus sinfida muvaffaqiyatli o‘qish uchun bola nafaqat maktabda, balki oilada va kundalik muloqotda ham rus tilidan muntazam foydalanishi muhim.
Bolani uzoqdagi maktabga berish qanchalik to‘g‘ri?
Psixolog Lyubov Malashenkoning qayd etishicha, ayrim ota-onalar farzandlarini nufuzli deb hisoblangan, ammo yashash joyidan uzoqda joylashgan maktablarga joylashtirishga harakat qiladi.
Uning fikricha, boshlang‘ich sinf o‘quvchilari har kuni uzoq masofaga qatnashi natijasida tez charchaydi. Bu esa vaqt o‘tishi bilan bolaning diqqatini pasaytirishi, asabiylashishiga va o‘qishga bo‘lgan qiziqishining kamayishiga sabab bo‘lishi mumkin.
InfoEdu.uz tahliliga ko‘ra, farzandni maktabga joylashtirishda faqat ta'lim muassasasining obro‘si emas, balki bolaning yoshi, psixologik tayyorgarligi, ta'lim tili va maktabning yashash joyiga yaqinligi kabi omillarni ham inobatga olish muhimdir.

















Izohlar (0)
Izoh yozish uchun tizimga kiring.