Prezident maktablariga kirish imtihonining ikkinchi bosqichi 2026-yil 17-iyul kuni birinchi smenada o‘tkaziladi. Bu haqda Ixtisoslashtirilgan ta'lim muassasalari agentligi ma'lum qildi.
Mazkur bosqich test shaklida tashkil etilib, talabgorlarning matematika va ingliz tili fanlari bo‘yicha bilim va ko‘nikmalari baholanadi.
Imtihon necha daqiqa davom etadi?
Reklama
Ikkinchi bosqich uchun jami 130 daqiqa vaqt ajratilgan.
Fanlar kesimida vaqt taqsimoti quyidagicha:
| Fan | Topshiriqlar soni | Vaqt |
|---|---|---|
| Matematika (tanqidiy fikrlash va muammoni yechish) | 40 ta | 90 daqiqa |
| Ingliz tili (Grammar va Reading) | 40 ta | 40 daqiqa |
Muhim jihati shundaki, 130 daqiqadan tashqari javoblar varag‘ini to‘ldirish uchun qo‘shimcha vaqt berilmaydi.
Imtihonga qanday hujjatlar bilan kelish kerak?
Talabgorlar imtihonga:
- ruxsatnoma;
- tug‘ilganlik haqidagi guvohnomaning asl nusxasi
bilan kelishi shart.
Boshqa har qanday buyumni imtihon hududiga olib kirish taqiqlanadi.
Imtihon qachon boshlanadi?
Kirish imtihoni soat 08:00 da boshlanadi. Talabgorlardan imtihon o‘tkaziladigan hududga belgilangan vaqtdan oldin yetib kelish so‘ralgan.
Shuningdek, imtihonni boshqa kunga ko‘chirish yoki qayta topshirish imkoniyati mavjud emas.
Ruxsatnomani qayerdan yuklab olish mumkin?
Har bir talabgorning ariza.piima.uz platformasida ro‘yxatdan o‘tishda ko‘rsatilgan telefon raqamiga SMS-xabarnoma yuboriladi.
Shundan so‘ng imtihon o‘tkaziladigan joy va vaqt ko‘rsatilgan ruxsatnomani shaxsiy kabinet orqali yuklab olish mumkin.
InfoEdu.uz o‘rganishicha, Toshkent viloyatidan hujjat topshirgan talabgorlar uchun imtihonlar Toshkent shahrida tashkil etiladi.
Avvalroq Prezident maktablari 1-saralash bosqichi natijalari e'lon qilingani haqida ham xabar berilgan edi.









Izohlar (0)
Izoh yozish uchun tizimga kiring.