Muhokamalar portaliga joylashtirilgan Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri buyrug‘i loyihasiga ko‘ra, nodavlat ta’lim xizmatlarini ko‘rsatuvchi tadbirkorlik subyektlari faoliyatida qonunchilik buzilishi xavfini aniqlash uchun maxsus elektron tizim joriy etilishi rejalashtirilmoqda.
Loyiha bilan quyidagi havola orqali tanishish mumkin:
https://regulation.adliya.uz/project/9145/24879?contentLang=uz
“Xavfni tahlil qilish” elektron tizimi qanday ishlaydi?
Taklif etilayotgan tartibga ko‘ra, nodavlat oliy ta’lim xizmatlarini ko‘rsatuvchi subyektlarning qonunni buzish xavfi maxsus “Xavfni tahlil qilish” elektron tizimi orqali avtomatik ravishda baholanadi.
Tizim xavf darajasini aniqlashda quyidagi ma’lumotlarni tahlil qiladi:
- ma’muriy ma’lumotlar (litsenziya yoki tasdiqnoma mavjudligi);
- davriy statistika ma’lumotlari, jumladan, avval aniqlangan huquqbuzarlik holatlari;
- yuridik va jismoniy shaxslardan kelib tushgan murojaatlar;
- ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlardagi ma’lumotlar;
- qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar.
Shuningdek, davlat organlari va boshqa tashkilotlardan olingan ma’lumotlar ham hisobga olinishi mumkin.
Xavf darajasi 3 toifaga ajratiladi
Tizim tomonidan aniqlangan umumiy ball asosida nodavlat oliy ta’lim xizmatlariga oid huquqbuzarlik sodir etish xavfi quyidagicha tasniflanadi:
🔴 Xavfi yuqori — 81 va undan yuqori ball;
🟠 Xavfi o‘rta — 61 balldan 80 ballgacha;
🟡 Xavfi past — 60 ball va undan kam.
Mazkur tizim nazorat jarayonlarini raqamlashtirish, shaffoflikni oshirish hamda qonunbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan.
Muhokama bosqichida
Hujjat loyihasi hozirda jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan. Taklif va e’tirozlar regulation.adliya.uz portali orqali bildirilishi mumkin.









Javoblar (0 )