Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi ortidagi 1,3 gektar hududda avtoturargoh tashkil etish va jamoat makonini obodonlashtirish loyihasi rejalashtirilmoqda. Loyiha yuzasidan Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi rasmiy munosabat bildirdi.
Loyiha yuzasidan bildirilgan rejalar
Hududni elektron auksionga chiqarish hamda obyektdan 10 yil muddatga foydalanish huquqini xususiy sherikka berish rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgan edi. Toshkent shahar yo‘l harakati xavfsizligini tashkil etish markazi ma’lumotiga ko‘ra hududda tartibli avtoturargoh tashkil etish va jamoat makonini obodonlashtirish ko‘zda tutilgan. Davlat-xususiy sheriklikning majburiy shartlaridan biri — hududdagi mavjud daraxtlar va piyodalar uchun ajratilgan maydonlarni saqlab qolish.
Ekologiya qo‘mitasining xulosasi
Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi mazkur loyiha bo‘yicha hozircha ekologik ekspertiza xulosasi mavjud emasligini bildirdi.
Shu sababli hududda har qanday qurilish va obodonlashtirish ishlari, jumladan daraxt va butalarga, yashil maydonlarga hamda tuproq qoplamiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan ishlar tegishli ekologik baholashdan o‘tkazilmasdan amalga oshirilishi mumkin emas.
Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi rasmiy munosabati
Urbanizatsiya qo‘mitasining munosabati
Urbanizatsiya va uy-joy bozori milliy qo‘mitasi shahar markazidagi mavjud yashil hududlarning kamayishi, aholining sayr qilishi va dam olishi uchun qulay jamoat joylari o‘rnida konstruktiv qurilishlar bo‘lishi maqsadga muvofiq emasligini ma’lum qildi.
Shuningdek, sotuvga chiqarilgani aytilayotgan “Navro‘z” bog‘iga tegishli obyektlardan birining yer maydonida Hukumat qarori bilan jamoat parki tashkil etish nazarda tutilgani va ushbu qaror ijrosi ta’minlanishi kerakligi ta’kidlandi.
Ekologiya qo‘mitasining munosabati rasmiy kanalda e’lon qilingan.










Izohlar (0)
Izoh yozish uchun tizimga kiring.
Hozircha izohlar yo‘q.
Birinchi bo‘lib izoh qoldiring