Prezidentning “Alisher Navoiy nomidagi O'zbekiston Milliy kutubxonasi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun muhokamalar portaliga joylashtirildi. Loyihada Milliy kutubxona va uning tizimidagi axborot-kutubxona muassasalari xodimlariga ko'p yillik xizmati uchun qo'shimcha to'lovlar joriy etish, kutubxonalarni 2035-yilgacha zamonaviy platformaga aylantirish hamda “Yagona raqamli kutubxona”ni ishga tushirish taklif qilinmoqda.
Xodimlar uchun ustama koeffitsiyentlari
Loyihaning 7-bandiga ko'ra, xodimlarning ko'p yillik xizmati uchun lavozim maoshiga nisbatan quyidagi koeffitsiyentlarda har oylik ustamalar to'lash taklif etilmoqda — eng yuqori ko'rsatkich maoshga 50 foiz qo'shimcha to'lovni anglatadi:
Reklama
| Xizmat staji | Koeffitsiyent |
|---|---|
| 2 yildan 5 yilgacha | 0,1 |
| 5 yildan 10 yilgacha | 0,2 |
| 10 yildan 15 yilgacha | 0,3 |
| 15 yildan 20 yilgacha | 0,4 |
| 20 yildan ortiq | 0,5 |
Ustama to'lovlari Axborot-kutubxona muassasalarini rivojlantirish jamg'armasi mablag'lari hisobidan qoplanadi. Loyihada Milliy kutubxona va unga tegishli kutubxonalar rahbarlariga jamg'armadagi o'zi ishlab topgan mablag'larni mustaqil taqsimlash huquqini berish, xodimlarni moddiy rag'batlantirishda esa faoliyat samaradorligini baholashning (KPI) tizimini joriy etish nazarda tutilgan.
Kutubxonalarni 2035-yilgacha rivojlantirish
Loyiha kutubxonalarni raqamli texnologiyalar va intellektual merosni birlashtiruvchi umummilliy innovatsion platformaga aylantirishni ko'zda tutadi. Buning uchun quyidagi vazifalar belgilangan:
- Axborot-kutubxona markazlari kitob fondini yangi adabiyotlar bilan yillik to'ldirish darajasini 5 baravarga oshirish;
- “Smart Library” (Aqlli kutubxona) tizimiga o'tish orqali foydalanuvchilar sonini 2 baravarga oshirish;
- Infratuzilmani takomillashtirish va moddiy-texnika bazasini modernizatsiyalash ko'rsatkichini 100 foizga yetkazish;
- Ilg'or xorijiy ilmiy-ta'limiy elektron bazalardan — Oxford University Press, Cambridge University Press, CNKI, East View Information Services, Emerald Publishing, EBSCO, ProQuest, European Respiratory Journal kabilardan foydalanish imkoniyatini kengaytirib, resurslardan foydalanish ko'rsatkichini 5 baravarga oshirish;
- Inklyuziv xizmatlarni kengaytirish uchun SI-texnologiyalari va adaptiv qurilmalar bilan jihozlash, Brayl alifbosidagi axborot-resurslari bilan ta'minlash darajasini 5 baravarga oshirish;
- Sohaga oid loyihalarni qo'llab-quvvatlash bo'yicha mahalliy grantlar miqdorini 3 baravarga oshirish;
- Zamonaviy texnologiyalardan foydalanish ko'nikmalariga ega yosh kutubxonachi kadrlarni tayyorlash;
- Kadrlar qo'nimsizligini oldini olish uchun soha vakillarining mehnatga haq to'lash miqdorlarini oshirish.
Yagona raqamli kutubxona va kasb bayrami
Milliy kutubxona Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda 2027-yil 1-avgustga qadar sun'iy intellekt texnologiyalaridan keng foydalangan holda “Yagona raqamli kutubxona” loyihasini ishga tushirishi belgilangan. Bunda Milliy kutubxona va barcha axborot-kutubxona markazlari resurslarini bir makonda birlashtiruvchi elektron platforma ishlab chiqish, resurslarni raqamlashtirish va avtomatik tanib olish tizimlarini yaratish, nashrlarni kataloglashtirish hamda foydalanuvchilarga interaktiv xizmatlar ko'rsatish ko'zda tutilgan.
Shuningdek, 2026-yildan boshlab 23-avgustni “Axborot-kutubxona xodimlari kuni” sifatida belgilash taklifi ilgari surilgan. Bu sana munosabati bilan soha vakillarini davlat mukofotlari bilan taqdirlash, respublika darajasidagi ko'rik-tanlovlar, anjuman va kitob ko'rgazma-yarmarkalarini o'tkazish, g'oliblarni bir martalik pul mukofotlari va “Axborot-kutubxona a'lochisi” ko'krak nishoni bilan rag'batlantirish nazarda tutilgan.
Loyihada, shuningdek, “Axborot-kutubxona faoliyati to'g'risida”gi qonunni takomillashtirish, kutubxona faoliyati bo'yicha milliy model standartini qabul qilish va Respublika axborot-kutubxona markazini “kovorking+kutubxona” gibrid modeli sifatida qayta tashkil etish bo'yicha takliflarni ikki oy muddatda tayyorlash vazifasi ham belgilangan. Hujjat muhokamasi 3-oktabrgacha davom etadi.
TATUda elektron kutubxonachilik yo'nalishi ochilgani va Singapurda kitob o'qishni rag'batlantirish tajribasi haqida ham yozgan edik.











Izohlar (0)
Izoh yozish uchun tizimga kiring.
Hozircha izohlar yo‘q.
Birinchi bo‘lib izoh qoldiring