InfoeduTa'lim xabarlari va yangiliklari

Menejerlik sertifikati olgan o‘qituvchilarga 50% ustama beriladimi?

Menejerlik kursini tugatib sertifikat olgan o‘qituvchilarga 50 foizlik ustama to‘lanadimi? 681-son qaror asosida huquqiy izoh.

10
Menejerlik sertifikati olgan o‘qituvchilarga 50% ustama beriladimi?

Menejerlik sertifikati ustama uchun asos bo‘ladimi?

So‘nggi paytda maktab direktorligi uchun mo‘ljallangan menejerlik kurslarini tamomlab, sertifikat olgan o‘qituvchilar orasida bir savol ko‘p uchramoqda: ushbu sertifikat uchun 50 foiz ustama to‘lanadimi?

Amaldagi tartibga ko‘ra, bunday ustama barcha sertifikat egalari uchun emas.

681-son qarorda nima belgilangan?

Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 25-dekabrdagi 681-son qarori bilan maktab direktori lavozimiga nomzodlarni menejerlik kurslarida o‘qitish va ularga sertifikat berish tartibi tasdiqlangan.

Unga ko‘ra:

  • menejerlik kursida o‘qish huquqi bakalavr darajasiga va belgilangan malaka talablariga ega nomzodlarga beriladi;
  • kurslar A.Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy institutida tashkil etiladi;
  • sertifikat maktab direktori lavozimi uchun tanlovda ishtirok etish huquqini beradi.

50% ustama kimlarga to‘lanadi?

Qarorning 2-b bandiga muvofiq, qo‘shimcha ustama faqat menejerlik sertifikatiga ega bo‘lgan rahbar xodimlarga to‘lanadi:

  • maktab direktorlariga — 50%;
  • direktor o‘rinbosarlariga — 30%.

Ya’ni, oddiy o‘qituvchi menejerlik sertifikatini olgan bo‘lsa ham, agar u direktor yoki direktor o‘rinbosari lavozimiga tayinlanmagan bo‘lsa, unga ustama to‘lanmaydi.

Qachon ustama to‘lanadi?

Agar sertifikat egasi:

  • maktab direktori lavozimi uchun o‘tkazilgan tanlovdan muvaffaqiyatli o‘tsa;
  • direktor sifatida ish boshlasa,

shundan keyingina uning oylik ish haqiga 50 foiz ustama qo‘llanadi.

Xulosa

Menejerlik sertifikati o‘qituvchiga avtomatik ravishda 50 foizlik ustama bermaydi. U faqat direktorlik lavozimiga tanlovda qatnashish huquqini beradi. Ustama esa faqat rahbarlik lavozimiga tayinlanganidan keyin to‘lanadi.

Reklama

umidjonu
MUALLIFumidjon

Javoblar (0 )