Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligidagi videoselektor yig'ilishida "mahalla yettiligi"ga 10 million so'mdan grant ajratilishi ma'lum qilindi.
Grant mablag'lari ijtimoiy muammolarni hal qilish, tozalikni ta'minlash va aholi daromadini ko'paytirishga xizmat qiladigan loyihalarga yo'naltiriladi.
Qancha mablag' ajratiladi
Agar 8 ming 992 ta mahallaning har birida bittadan shunday loyiha amalga oshirilsa, hududlardagi muhit sezilarli o'zgaradi. Ushbu maqsadlar uchun jami 240 milliard so'm resurs shakllantiriladi.
Davlat rahbari mahalla raisi ijtimoiy muammolarni hal qilishda tashabbuskor bo'lishi zarurligini ta'kidladi. Mahalla raislariga yaqinda berilgan yangi vakolatlar bu borada qo'shimcha imkoniyat yaratadi.
Mahalla raisining yangi roli
Mahalla raisi o'z hududining haqiqiy boshqaruvchisi bo'lishi shart. Rais hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchisi, ijtimoiy xodim, profilaktika inspektori, soliqchi va mahalla bankirining haftalik hamda oylik ish rejasini tasdiqlaydi. "Yettilik" a'zolariga aniq vazifa qo'yib, ulardan so'rov qilib boradi.
Mahallani rivojlantirish milliy instituti
"Yettilik" faoliyatini metodik qo'llab-quvvatlash va hududdagi muammolarga ilmiy yondashish uchun Mahallani rivojlantirish milliy instituti tashkil etiladi. Institut "yettilik"ni o'qitadi va mahallalardagi dolzarb masalalarga ilmiy yechimlar ishlab chiqadi.
Mahalla bankirlari qanday ishlaydi
Yig'ilishda mahalla bankirlarining ish uslubi ham tubdan o'zgarishi belgilandi. Endi banklar har bir mahallaning "o'sish nuqtasi"ni aniqlab, tashabbuskorlarni topishi va daromadli loyihalarni ko'paytirishi zarur. Bitta mahalla bankiriga ko'pi bilan uchta mahalla biriktiriladi.
Bundan tashqari, ikki haftada zamonaviy fikrlaydigan oliygoh bitiruvchilari va yosh mutaxassislar orasidan 400 nafar yangi mahalla bankiri tanlab olinadi. Ular bir oy davomida namunali mahallalarga olib borilib, tajriba o'rganadi.
Muvaffaqiyatli tajribalar
Yig'ilishda muvaffaqiyatli mahallalar tajribasi ham keltirildi. Angor tumani Yangiobod mahallasida 2 kilometr zovur usti yopilib, 110 ta servis obyekti ishga tushirildi. Natijada 1 ming 225 nafar odam ishli va daromadli bo'ldi.
Arnasoy tumanidagi Baxtli mahallasi bankiri 20 ta xonadonga 50 million so'mdan kredit ajratib, mehmon uylarini ishga tushirdi. Har bir xonadon bir mavsumda 100 million so'mgacha daromad olmoqda. Ish yurib ketgani uchun yana 80 ta oila shunday mehmon uylari tashkil qilishga kirishdi.
Ta'lim sohasidagi eng dolzarb yangiliklar va rasmiy e'lonlarni InfoEdu.uz saytida o'qishingiz mumkin.
Reklama








Izohlar (0)
Izoh yozish uchun tizimga kiring.