Ayni kunlarda oliygohlarda grantlarni qayta taqsimlash jarayoni qizg‘in ketmoqda. Kontraktda yaxshi o‘qigan talabalar grantga chiqish baxtiga erishsa, past o‘zlashtirgan grantdor talabalar kontraktga tushib qolmoqda. Shu jarayonda talabalar orasida eng ko‘p muhokama qilinayotgan savollardan biri — grant taqsimotida GPA qanday hisoblanadi: faqat bir o‘quv yili bo‘yichami yoki butun o‘qish davri uchunmi?
Ayrim oliygohlar butun o‘qish davridagi GPA asosida hisoblayotgani haqida xabarlar kelib tushmoqda. Qonunchilik esa bu borada aniq javob beradi.
Qonun nima deydi: faqat joriy o‘quv yili GPA si olinadi
Reklama
Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, grant taqsimotida faqat muayyan bir o‘quv yili yakuni bo‘yicha GPA ko‘rsatkichi olinishi kerak. Huquqiy asos — Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 10-martdagi 149-son qarori bilan tasdiqlangan “Oliy ta‘lim tashkilotlarida talabalarga grantlarni taqdim etish va qayta taqsimlash tartibi to‘g‘risida Nizom” hisoblanadi.
Nizomning bir nechta moddalarida “muayyan o‘quv yili” iborasi aniq va qat‘iy belgilab qo‘yilgan. Keling, asosiy bandlarni ko‘rib chiqamiz:
| Grant turi | Nizom bandi | GPA talabi |
|---|---|---|
| Ta‘lim grantiga talabgor | 13-band | Joriy o‘quv yilida GPA 3,5+ |
| Qo‘shimcha davlat granti | 24-band | Muayyan o‘quv yili bo‘yicha GPA 4+ |
| OTM granti (moliyaviy mustaqil) | 30-band | Muayyan o‘quv yili bo‘yicha GPA 3,3–4 |
Ko‘rib turganingizdek, barcha grant turlarida — ta‘lim granti, qo‘shimcha davlat granti va OTM grantida ham — faqat joriy o‘quv yili bo‘yicha GPA ko‘rsatkichiga qaralishi belgilab qo‘yilgan. Butun o‘qish davri uchun GPA hisoblash qonunchilikka ziddir.
Bu haqda batafsil: grantlarni qayta taqsimlash tizimi qanday ishlashi haqidagi tahliliy maqolamizda o‘qishingiz mumkin.
Nega aynan bir yillik GPA olinishi kerak
Bundan ko‘zlangan asosiy g‘oya — har bir talabada doimiy ravishda yaxshi o‘qish motivatsiyasini saqlab qolish. Tasavvur qiling: 1-bosqichda past o‘zlashtirgan talaba 2-bosqichda xatolaridan to‘g‘ri xulosa chiqarib, o‘z ustida jiddiy ishlasa va hammadan yuqori GPA ko‘rsatkichiga erishsa — unga grant berilishi kerak.
Agar butun o‘qish davri uchun hisoblansa, grant taqsimotining ma‘nosi yo‘qoladi. Masalan, 3-bosqichda sizdan pastroq o‘qigan talaba shunchaki 1 va 2-bosqichdagi yuqori ballari evaziga yana grantni saqlab qolaveradi. Holbuki, o‘sha kichik bosqichlardagi o‘zlashtirish uchun avvalgi yillarda grant taqsimlanib bo‘lingan — hisob har yili yangidan boshlanishi kerak.
Grant taqsimoti va kursdan kursga o‘tkazish — farqli tushunchalar
Bu o‘rinda yana bir muhim masalaga izoh berish zarur. Grant taqsimoti va kursdan kursga o‘tkazish — bu ikki xil jarayon. Ularda GPA hisoblash tartibi ham turlicha:
| Jarayon | GPA hisoblash tartibi | Sabab |
|---|---|---|
| Grant taqsimoti | Muayyan bir o‘quv yili bo‘yicha | Har yili yangi motivatsiya va adolatli raqobat |
| Kursdan kursga o‘tkazish | Butun ta‘lim dasturi bo‘yicha | Talaba barcha fanlarni o‘zlashtirganligini tekshirish |
Kursdan kursga o‘tkazishda butun davr GPA si olinishining sababi oddiy: agar faqat bir yillik GPAga qaralsa, talaba bitiruvchi kursga borganda bir nechta fandan qarzdor bo‘lib qolishi mumkin. GPA so‘zining o‘zi to‘liq ta‘lim dasturining o‘zlashtirish ko‘rsatkichini anglatadi.
Agar grant taqsimoti natijasida grantga o‘tgan talaba kursdan kursga o‘ta olmay qolsa, grant bekor qilinadi va kontraktga tushganlarning eng yuqorisida turgan talaba grantga chiqadi.
Xulosa: Grant taqsimotida — muayyan bir o‘quv yili bo‘yicha GPA olinadi. Kursdan kursga o‘tkazishda — butun ta‘lim dasturi bo‘yicha GPA olinadi. Agar sizning oliygohingiz grant taqsimotida butun o‘qish davri GPA sini olayotgan bo‘lsa, bu amaldagi qonunchilikka zid ekanligini bilishingiz va tegishli tartibda shikoyat qilishingiz mumkin.

















Izohlar (0)
Izoh yozish uchun tizimga kiring.