Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi 2026-2027 o'quv yili uchun ta'lim sifati past bo'lgan, xalq orasida "qizil maktablar" deb ataladigan 303 ta maktab ro'yxatini rasman tasdiqladi. Mazkur maktablarda dars berish uchun boshqa hududlardan o'qituvchilar jalb qilinadi va ularga sezilarli miqdorda ustamalar to'lanadi.
Ustama miqdori qancha?
Ustama miqdori qayerdan kelishingizga bog'liq:
- 50 foiz — bir viloyat doirasida boshqa tuman yoki shahardan kelgan o'qituvchilarga
- 100 foiz — boshqa viloyatdan kelib ishlaydigan o'qituvchilarga
Ustamalar o'qituvchining bazaviy tarif stavkasiga qo'shimcha ravishda to'lanadi. Bundan tashqari, borgan maktab "qizil maktab" ro'yxatidan chiqarilgan bo'lsa ham, keyingi o'quv yili uchun ustama saqlanib qoladi.
Kimlar murojaat qilishi mumkin?
"Qizil maktab"larda ishlashni xohlovchi pedagoglar quyidagi talablarga javob berishi shart:
- Fan yo'nalishi bo'yicha oliy ma'lumotga ega bo'lish
- Dars beradigan fani bo'yicha birinchi yoki oliy malaka toifasiga ega bo'lish
- Boshqa hududda kamida bir yil pedagogik faoliyat yuritgan bo'lish
- Amaldagi ish joyi "qizil maktab" ro'yxatida bo'lmasligi kerak
Qanday murojaat qilish kerak?
O'qituvchi-pedagoglar 25-iyulga qadar tanlagan maktab direktoriga to'g'ridan-to'g'ri murojaat qilishi lozim. Buning uchun quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:
- Direktor nomiga ariza (mutaxassislik va fan ko'rsatilgan holda)
- Doimiy yashash manzili va telefon raqami ko'rsatilgan ma'lumotnoma (obyektivka)
- Malaka toifasini tasdiqlovchi sertifikat nusxasi
Boshqa imtiyozlar
Ustamalardan tashqari, boshqa hududdan kelgan o'qituvchilarga xizmat uy-joyi yoki har oylik ijara kompensatsiyasi — bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravari miqdorida pul to'lab beriladi. Olis hududlardagi maktablarga boradiganlar uchun esa bir martalik boshlang'ich yordam puli (BHMning 50 baravari) va ish stajiga qarab qo'shimcha 10-50 foiz ustamalar ham nazarda tutilgan.
Agar hozirda boshqa maktabda direktor jamg'armasi hisobidan ustama olayotgan bo'lsangiz, bu ustamalar "qizil maktab"ga o'tganingizda ham bir o'quv yili davomida saqlanib qoladi.
Reklama

















Izohlar (0)
Izoh yozish uchun tizimga kiring.