O'zbekistonda xalqaro ta'lim standartlari asosida integratsiyalashgan ta'lim dasturlarini keng joriy etish maqsadida Integratsiyalashgan dasturlar oliy maktabi tashkil etiladi. Yangi ta'lim muassasasi tajriba-sinov tariqasida Toshkent arxitektura-qurilish universiteti huzurida faoliyat boshlaydi.
Bu Prezidentning "Respublikada xalqaro ta'lim standartlari asosida o'rta maxsus, kasbiy va oliy ta'lim dasturlarini joriy etishga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida"gi qarorida belgilangan.
Xalqaro hamkorlik va markaz vakolatlari
Mamlakatda integratsiyalashgan ta'lim dasturlarini rivojlantirish maqsadida Buyuk Britaniyaning IQF (Integrated Qualifications Framework) ta'lim tashkiloti bilan hamkorlikda tashkil etilgan Xalqaro malakalar va baholash markazining vakolatlari kengaytiriladi.
Markazga ishlab chiqilgan integratsiyalashgan dasturlarni QS (Quacquarelli Symonds) va Times Higher Education (THE) xalqaro reytinglarining top-100 taligiga kiruvchi hamkor universitetlar akademik talablari bilan taqqoslash va muvofiqlashtirish vazifasi yuklatildi.
Yangi ta'lim modellari
Qarorda yetakchi oliygohlar tomonidan tan olinadigan quyidagi ta'lim modellarini ishlab chiqish nazarda tutilgan:
- Bakalavriat bosqichida "1+3" modeli — 1 yil O'zbekistonda, 3 yil xorijda;
- Bakalavriat bosqichida "2+2" modeli — 2 yil O'zbekistonda, 2 yil xorijda;
- Magistraturada "1+1" modeli — 1 yil O'zbekistonda, 1 yil xorijda.
Xorijiy diplomlar uchun tuzilmalar
Qaror bilan O'zbekistonda yetakchi xorijiy oliy ta'lim muassasalarining diplomlarini berishga qaratilgan tuzilmalarni tashkil etish bo'yicha kelishuvlarga erishish choralari ham belgilandi. Bunday tuzilmalar qatoriga kampuslar, filiallar, franshizalar va ta'lim dasturlarini amalga oshirish markazlari kiradi.
Ta'lim sohasidagi barcha muhim qarorlar va yangiliklarni InfoEdu.uz orqali kuzatib boring.
Reklama
















Izohlar (0)
Izoh yozish uchun tizimga kiring.