Maktabning o'quv ishlari bo'yicha direktor o'rinbosari 11-sinfda 36 nafar o'quvchi borligi, EduERP bazasida titul yaratishda “ortiqcha sinf yaratayapsiz” degan ogohlantirish chiqayotgani haqida murojaat qilgan.
Ta'lim muassasalarida sinflarni tashkil etish “Umumta'lim muassasalarida sinflarni komplektlash hamda tarifikatsiya ro'yxatlarini shakllantirish tartibi to'g'risida”gi nizom bilan tartibga solinadi. Nizomga ko'ra o'quvchilar belgilangan me'yorlar asosida bitta sinfga jamlanadi.
Sinf komplektlash me'yorlari
Reklama
| Hudud | Bir sinfdagi o'quvchilar soni |
|---|---|
| Shahar hududi va tuman markazlari | 25 — 35 nafargacha |
| Qishloq hududlari | 20 — 35 nafargacha |
Olis — tog'li va cho'lli hududlarda joylashgan umumta'lim muassasalari bundan mustasno.
Me'yordan chetlashish tartibi
O'quvchilar soni belgilangan me'yorlardan kam bo'lgan hollarda sinflar umumta'lim muassasasi hamda hududiy maktabgacha va maktab ta'limi bo'limlari, hududiy iqtisodiyot va moliya organlari bilan kelishilgan holda komplektlanadi.
Davlat budjeti mablag'laridan oqilona foydalanish va ortiqcha xarajatlarga yo'l qo'ymaslik maqsadida belgilangan me'yorlardan ortiq sinf komplektlarini shakllantirishga yo'l qo'yilmaydi.
36 nafar o'quvchi ikki sinfga bo'linmasligining sababi
11-sinfda jami 36 nafar o'quvchi bo'lsa, ularni 18 nafardan ikkita sinfga ajratish amaldagi me'yorga mos kelmaydi: bunda har ikkala sinfdagi o'quvchilar soni belgilangan minimal me'yordan — shahar hududlari uchun 25 nafardan — kam bo'lib qoladi.
Aynan shu sababli EduERP tizimi ikkinchi sinfni “ortiqcha sinf komplekti” sifatida baholab, ogohlantirish bermoqda. Tizimning maqsadi sinflarni me'yor doirasida shakllantirish va budjet hisobidan ortiqcha xarajatlarning oldini olishdan iborat.
Asos bo'lsa qo'llaniladigan tartib
Agar maktabda o'quvchilarni ikki sinfga ajratish uchun yetarli asoslar mavjud bo'lsa, bu hududiy maktabgacha va maktab ta'limi bo'limi hamda iqtisodiyot va moliya organlari bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi.








Izohlar (0)
Izoh yozish uchun tizimga kiring.
Hozircha izohlar yo‘q.
Birinchi bo‘lib izoh qoldiring