Maktabgacha, umumiy o'rta va maktabdan tashqari ta'lim muassasalari pedagoglari uchun joriy yilning avgust-dekabr oylarida o'tkaziladigan malaka toifa sinovlarining aniq jadvali e'lon qilindi. Sinovlar 26-oktabrda boshlanib, 28-noyabrga qadar davom etadi. Har bir fan uchun alohida sana belgilangan, ayrim fanlar bo'yicha hududlar kesimida qo'shimcha kun ajratilgan. Bu haqda Uzedu kanali xabar berdi. Eslatib o'tamiz, avval jadval tez orada e'lon qilinishi kutilayotgani haqida xabar bergan edik.
Fanlar kesimidagi sinov sanalari
Jadvalga ko'ra, birinchi bo'lib informatika o'qituvchilari, so'ng gumanitar va tabiiy fanlar vakillari sinovdan o'tadi. Maktabgacha ta'lim yo'nalishlari va qoraqalpoq tili bo'yicha testlar jadvalning so'nggi kunlariga qo'yilgan:
| Sana | Fanlar |
|---|---|
| 26-oktabr | Informatika va axborot texnologiyalari |
| 27-29-oktabr | Ona tili va adabiyot, O'zbek tili (Davlat tili) |
| 30-31-oktabr | Jismoniy tarbiya, Musiqa madaniyati |
| 2-7-noyabr | Boshlang'ich ta'lim |
| 9-10-noyabr | Matematika |
| 11-noyabr | Fizika |
| 12-13-noyabr | Tarix, Davlat va huquq asoslari, Tarbiya |
| 14-noyabr | Texnologiya (qizlar va o'g'illar yo'nalishi) |
| 16-17-noyabr | Rus, qozoq, qirg'iz, tojik, turkman tillari va adabiyoti |
| 18-20-noyabr | Ingliz, fransuz, nemis, xitoy, yapon, koreys tillari |
| 21-noyabr | Tasviriy san'at, Chaqiruvga qadar tayyorgarlik, Geografiya, Iqtisodiy bilimlar |
| 23-24-noyabr | Biologiya, Kimyo |
| 25-noyabr | Psixolog, Defektolog, Logoped |
| 26-27-noyabr | Maktabgacha ta'lim yo'nalishlari |
| 27-28-noyabr | Qoraqalpoq tili va adabiyoti |
| 28-noyabr | O'zbek tili (Toshkent shahri va viloyati pedagoglari) |
Imtihon kuni tartibi
Pedagoglar malaka toifa test sinovlariga fuqarolik pasporti yoki identifikatsiya ID-kartasi bilan kelishi shart. Ko'rishda nuqsoni bo'lgan pedagoglar uchun jismoniy tarbiya va musiqa madaniyati bo'yicha sinovlar umumiy jadvaldagi kunlarda tashkil etiladi. Har bir fan bo'yicha test topshiriqlari yagona talablar asosida tuzilgan.
Manzillar va o'zgarishlar ehtimoli
Sinov jarayonlari o'tkaziladigan manzillar ham belgilangan. Tashkilotchilar zarur hollarda sinov kunlari yoki manzillarga o'zgartirish va qo'shimchalar kiritilishi mumkinligini bildirgan. Bunday o'zgarishlar haqida pedagoglar qo'shimcha ravishda xabardor qilinadi. Shu bois har bir pedagog o'z faniga tegishli sana yaqinlashgach, rasmiy e'lonlarni kuzatib borishi tavsiya etiladi.
















