Mandatdan so‘ng: Abituriyent va talabalar uchun muhim qo‘llanma
Ta’lim tizimida yangi o‘quv yili boshlanishi bilan ko‘plab savollar yuzaga keladi. Abituriyentlar uchun eng dolzarb masalalar — super-kontrakt, yotoqxonaga joylashish va ijara kompensatsiyasi haqidagi ma’lumotlarni bir joyga jamladik.
OTM yangiliklarini kuzatib boring
Talabalikka qabul qilinganlar birinchi navbatda o‘zlari o‘qishga kirgan OTMning rasmiy sayti va ijtimoiy tarmoq sahifalarini muntazam kuzatib borishlari shart. Kirish ballari yo'nalishlar kesimida tahlil qilingan ma'lumotlar ham sizga kelgusida foydali bo'lishi mumkin.
1-kurslar yotoqxonaga qanday joylashadi?
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 1-kurs talabalari uchun yotoqxonaga joylashish jarayoni onlayn tarzda amalga oshiriladi. Arizalarni Davlat xizmatlari markazi yoki my.gov.uz portali orqali yuborish mumkin.
- Agar talaba yotoqxonaga joylasha olmasa, unga ijara pullari qoplab beriladi.
- Toshkent shahrida o‘qiyotgan talabalar uchun oyiga 330 ming so‘m, viloyatlarda esa 165 ming so‘mdan to‘lab beriladi.
Super-kontrakt masalasi: Narxlar qanday belgilanadi?
To‘plagan ballari tasdiqlangan kvota chegarasiga yetmagan abituriyentlar uchun quyidagi tartibda super-kontrakt miqdori belgilanadi:
- 1 ballgacha yetmaganlar uchun — 1,5 barobar;
- 1,1 balldan 2 ballgacha yetmaganlar uchun — 2,0 barobar;
- 2,1 balldan 3 ballgacha yetmaganlar uchun — 2,5 barobar;
- 3,1 balldan 4 ballgacha yetmaganlar uchun — 3,0 barobar.
Minimal balldan (56,7 ball) past natija qayd etganlar esa yo‘nalish bo‘yicha belgilangan eng yuqori kontrakt miqdorining 2 baravarini to‘lab talaba bo‘lishlari mumkin. Eslatib o‘tamiz, joriy yil uchun aniq narxlar hali e’lon qilinmagan.
Bir abituriyent o‘rniga boshqasi kirishi mumkinmi?
Bilimlarni baholash agentligi ma’lumotiga ko‘ra, o‘qishdan voz kechgan abituriyent o‘rniga pastroq ball to‘plagan nomzodlar avtomatik tarzda yuqoriga ko‘tarilmaydi. Bo‘sh o‘rinlar faqat super-kontrakt asosida to‘ldirilishi mumkin.

















Izohlar (0)
Izoh yozish uchun tizimga kiring.