O‘qituvchining bir kuni qanday o‘tadi?
Ko‘pchilik o‘qituvchining ish kuni 6–7 soat deb o‘ylaydi. Ammo amalda bu vaqt 10–12 soatgacha cho‘ziladi. Darsga tayyorgarlik, daftar tekshirish, hujjatlar, yig‘ilishlar — bularning barchasi ish kunining rasmiy chegarasidan tashqarida bajariladi.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra:
- o‘qituvchilar vaqtining 79 foizini tik oyoqda o‘tkazadi;
- kuniga o‘rtacha 3,5–4 soat baland yoki juda baland ovozda gapirishga majbur bo‘ladi.
Bu esa jismoniy va ruhiy zo‘riqishni oshiradi.
Doimiy stress va sog‘liq bilan bog‘liq muammolar
O‘qituvchilarning 2/3 qismi doimiy stress ostida ishlaydi. Stress darajasi ayniqsa rahbar xodimlar — rektor, direktor va ularning o‘rinbosarlarida yuqori ekani qayd etiladi. Aniq fanlar, lingvistik fanlar va boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari orasida ham zo‘riqish o‘rtachadan yuqori.
Shuningdek:
- o‘qituvchilarning deyarli yarmi vitamin yetishmovchiligidan aziyat chekadi;
- 50 foizi kuniga 6 soatdan kam uxlaydi;
- atigi 14 foizi ertalabki badantarbiya qilishga vaqt topa oladi.
Ovqatlanish va dam olish muammosi
O‘qituvchilarning har beshinchisi kuniga atigi ikki marta ovqatlanadi, yarmi esa uch mahal. Mutaxassislar esa kuniga 4–5 mahal yengil ovqatlanishni tavsiya qiladi.
Bundan tashqari, o‘qituvchilarning 80 foizi sanatoriy yoki dengiz bo‘yida to‘liq hordiq chiqarish imkoniga ega emas. Vaholanki, bunday ta’til sog‘liqni tiklashda muhim omil hisoblanadi.
Ikki karra yuk
O‘qituvchilar tarkibining o‘rtacha 85 foizini xotin-qizlar tashkil etadi. Demak, ular ta’lim jarayonidagi mas’uliyat bilan birga, uy-ro‘zg‘or ishlari va bola tarbiyasi yukini ham zimmasiga oladi.
Natijada o‘qituvchining ish kuni nafaqat maktabda, balki uyda ham davom etadi.









Javoblar (0 )