Farzandingiz maktabda taom yeyayotganda nima tanlayotganini bilish siz uchun ham muhim. Maktab oshxonalarida o‘quvchilarga taqdim etiladigan oziq-ovqat mahsulotlari qat’iy sanitariya talablari asosida nazorat qilinadi. Mutaxassislarning xabariga ko‘ra, mayonez va ketchup qo‘shilgan fast-fudlar, chipslar, gazlangan ichimliklar, energetik ichimliklar, ayrim qandolat mahsulotlari hamda sifati talabga javob bermaydigan oziq-ovqatlarni maktablarda sotishga ruxsat berilmaydi.
Ushbu ma’lumot “O‘zbekiston” radiosidagi eshittirishda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi Toshkent shahar boshqarmasi Bolalar va o‘smirlar gigiyenasi bo‘limi mudiri Dilfuza Hikmatova tomonidan keltirilgan.
Sotilishi taqiqlangan mahsulotlar roʻyxati
Mutaxassisning ta’kidlashicha, o‘quvchilar ovqatlanishini tashkil etishda ularning yosh xususiyatlari hisobga olinishi, taomlar esa sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga muvofiq tayyorlanishi kerak.
So‘nggi tekshiruvlarda ham bu talablar buzilayotgani aniqlangan. Sanepidqo‘mita Toshkent shahar boshqarmasining Yashnobod tumani bo‘limi xodimlari 156-sonli maktab oshxonasida, Olmazor tumanidagi 134-sonli muassasada esa epidemiologik ko‘rsatkich asosida nazorat o‘tkazgan. Oshxonalarda mayonez va ketchup qo‘shilgan mahsulotlar, rangli va gazlangan ichimliklar, saqich, qotirilgan non hamda ayrim qandolat mahsulotlari sotilayotgani aniqlanib, brakeraj qilingan.
Maktab oshxonalarida o‘quvchilarga sotish taqiqlangan mahsulotlar ro‘yxati keng:
- Mayonez, ketchup va turli o‘tkir souslar;
- Gamburger, chizburger va hot-dog;
- Chipslar, kirieshki va boshqa tez tayyorlanadigan mahsulotlar;
- Rangli va rangsiz gazlangan ichimliklar hamda energetik ichimliklar;
- Tarkibida sun’iy ta’m, bo‘yoq, aromatizator va konservantlar mavjud qandolat mahsulotlari, tort va pishiriqlar;
- Uy sharoitida tayyorlangan oziq-ovqatlar;
- Yaroqlilik muddati tugagan yoki sifatsiz mahsulotlar.
Bundan tashqari, danakli mevalarning mag‘zi, saqich, qimiz, tarkibida etanol bo‘lgan 0,5 foizdan ortiq achitilgan sutli mahsulotlar, qiymali makaron, pashtet, quymoqlar, tez tayyorlanadigan quruq konsentratlar asosidagi taomlar ham taqiqlangan. Vetnazoratdan o‘tmagan go‘sht, baliq va parranda mahsulotlari, sifati buzilgan sabzavotlar, talabga javob bermaydigan tuxum ham maktab oshxonalarida sotilishi mumkin emas.
Ruxsat etilgan mahsulotlar
Dilfuza Hikmatovaning qayd etishicha, o‘quvchilar uchun tabiiy mahsulotlarga ustuvorlik beriladi:
- Sabzavot va mevalardan tayyorlangan oziq-ovqatlar;
- No‘xat, loviya, mosh kabi dukkaklilar;
- Kichik qadoqdagi, konservant va qo‘shimcha moddalarsiz sharbatlar;
- Choy, kakao, non, yorma va makaron mahsulotlari.
Tabiiy mahsulotlar bo‘lmaganda mol go‘shtli karom sho‘rva, mol go‘shtli grechka kabi istisnolar ham kiritilgan. Sterillangan bodringlar, meva bo‘laklari, baqlajon va qovoq chekrasini cheklanmagan miqdorda iste’molga berish mumkin.
Oshxona xodimlariga qo‘yiladigan talablar
Maktab oshxonalarida oziq-ovqat tayyorlash va sotish bilan shug‘ullanuvchi xodimlarga ham qator talablar mavjud:
- Oshpazlik bilim va malakasiga ega, diplomi bo‘lgan xodimlar talab etiladi;
- Umumiy ovqatlanish korxonalarida kamida uch yil ishlagan bo‘lishi lozim;
- Oshpazlar tibbiy kitobcha bilan ta’minlanishi va sanitariya qoidalarini mukammal bilishi shart.
Sanepidqo‘mita xodimlari tomonidan Toshkent shahridagi umumta’lim maktablarida sanitariya nazorati 1 yillik reja-jadval hamda rejadan tashqari, shikoyat yoki kasallik holatlari qayd etilganda olib boriladi. Ushbu nazoratning bosh maqsadi — o‘quvchilarni xavfsiz va sifatli oziq-ovqat bilan ta’minlashdan iborat. Maktab oshxonalari va o‘quvchilar ovqatlanishining tashkil etilishi bo‘yicha qo‘shimcha tafsilotlar SSV maktab oshxonalarida taqiqlangan oziq-ovqatlar aniqlangani haqidagi xabarda ham keltirilgan. Biz maktab ovqatlanishi va sanitariya sohasidagi yangiliklarni kuzatib, tahliliy yoritib boramiz.
Reklama










Izohlar (0)
Izoh yozish uchun tizimga kiring.