O‘qishni ko‘chirish mavsumiga start berilmoqda
O‘zbekistondagi oliy ta’lim muassasalari talabalari uchun o‘qishni ko‘chirish (perevod) jarayonlari boshlanishiga roppa-rosa 40 kun qoldi. Agar siz ham o‘qishingizni boshqa universitetga o‘tkazishni rejalashtirayotgan bo‘lsangiz, jarayonning eng muhim shartlari va muddatlari bilan hozirdanoq tanishib chiqishingiz zarur.
Arizalar qachon va qayerda qabul qilinadi?
Reklama
Hujjat topshirish jarayoni to‘liq onlayn shaklda, maqsadga qarab quyidagi rasmiy platformalar orqali amalga oshiriladi:
- transfer.edu.uz — respublika ichidagi bir davlat oliygohidan boshqasiga ko‘chirish uchun;
- my.uzbmb.uz — xorijiy davlatlardagi yoki O‘zbekistondagi nodavlat va xorijiy OTM filiallaridan davlat oliygohlariga ko‘chirish uchun.
Muhim muddatlar:
- Arizalar qabul qilish: har yili 15-iyuldan 5-avgustgacha.
- Hujjatlarni ko‘rib chiqish: har yili 5-avgustdan 30-avgustgacha.
Ichki perevod: Kimlarga ruxsat beriladi?
O‘zbekiston ichidagi bir davlat OTMdan boshqasiga o‘qishni ko‘chirishga faqat istisno tariqasida, quyidagi 2 ta toifa talabalarga ruxsat etiladi:
- Talaba turmushga chiqqanda — turmush o‘rtog‘ining doimiy yashash joyidagi oliygohga;
- Davlat xizmatchisining ish joyi boshqa hududga o‘zgarganda — uning farzandi yoki turmush o‘rtog‘i (tegishli vazirlik/idora rahbarining tavsiyanomasi asosida).
Ariza topshirish uchun kerakli hujjatlar
Onlayn ro‘yxatdan o‘tishda tizimga quyidagi hujjatlarning nusxalari yuklanadi:
- Ko‘chirish sababi, ta’lim yo‘nalishi, tili va shakli ko‘rsatilgan ariza;
- Reyting daftarchasi yoki akademik ma’lumotnoma;
- Ichki ko‘chirish (perevod) uchun asoslantiruvchi hujjat (nikoh guvohnomasi yoki rahbar tavsiyanomasi);
- Fuqarolik pasporti yoki ID-karta.
Qaysi holatlarda perevod arizasi rad etiladi?
Quyidagi jadvalda o‘qishni ko‘chirish jarayonida rad javobini olishga sabab bo‘luvchi asosiy omillar keltirilgan:
| Rad etish sabablari va holatlar |
| • Xorijiy davlatlarning akkreditatsiyadan o‘tmagan OTMlari yoki ularning filiallarida o‘qiganlik |
| • Mavjud ta’lim shaklidan butunlay boshqa ta’lim shakliga ko‘chirishga urinish |
| • OTMlarning maxsus markazlari, bo‘limlari yoki o‘quv-maslahat punktlarida tahsil olganlik |
| • 1-kursning 1-semestri to‘liq yakunlanmagan bo‘lsa |
| • Mo‘ljallangan OTMda mos yo‘nalish yo‘qligi yoki fanlar farqi 4 tadan oshib ketishi |
| • Kontrakt to‘lovini belgilangan muddatda to‘lamaganlik |
| • Talabaning shaxsiy yig‘ma jildi o‘z vaqtida taqdim etilmaganda |
| • Davlat granti asosida ko‘chirish uchun mos bo‘sh o‘rinlar (kvotalar) mavjud bo‘lmaganda |
| • Universitetning moddiy-texnika bazasi imkoniyatlari cheklanganligi |
| • Maqsadli qabul kvotasi bilan o‘qishga kirgan talabalarning boshqa yo‘nalish yoki OTMga o‘tish istagi |
| • Kechki ta’lim shaklidan sirtqiga yoki kechkining bir sohasidan boshqa sohasiga o‘tish |
| • Hamkorlikdagi qo‘shma ta’lim dasturlari (Double Degree) asosida tahsil olayotganlik |
Grant asosida o‘qishni ko‘chirish shartlari
O‘qishini davlat granti asosida ko‘chirish faqat hozirda ham grantda o‘qiyotgan talabalarga nasib etishi mumkin. Buning uchun borilayotgan oliygohning joriy yildagi qabul kvotasida bo‘sh grant o‘rinlari bo‘lishi shart.
Imtiyozlar: Ko‘zi ojizlar hamda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ajratilgan maxsus kvota doirasida grantda o‘qiydigan talabalarning o‘qishi yangi OTMga ham to‘liq grant asosida ko‘chirib beriladi.
Eslatma: Xorijiy universitetlardan O‘zbekiston OTMlariga o‘qishini ko‘chirayotgan barcha talabalar majburiy tartibda maxsus sinov imtihonlari (test, yozma ish yoki ijodiy imtihon) topshirishadi.

















Izohlar (0)
Izoh yozish uchun tizimga kiring.