Ikki o‘zbekistonlik olim nomi asteroidlarga berildi

Xalqaro astronomiya jamiyati O‘zbekistonlik olimlar Kamoliddin Ergashev va Otabek Burxonov nomini ikki asteroidga berdi.

Ikki o‘zbekistonlik olim nomi asteroidlarga berildi

O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Astronomiya institutining ikki nafar olimi — Kamoliddin Ergashev va Otabek Burxonov nomi xalqaro astronomik kataloglarga kiritildi. Xalqaro astronomiya jamiyati (IAU) ularning nomini ikki asteroidga berish to‘g‘risida qaror qabul qildi.

O‘zbekiston Fanlar akademiyasi ma'lum qilishicha, mazkur qaror Xalqaro astronomiya jamiyatining Kichik jismlar bo‘yicha qo‘mitasi (WGSBN) tomonidan 2026-yil 9-iyul kuni e'lon qilingan.

Qaysi asteroidlarga olimlar nomi berildi?

Reklama

Yangi nomlar WGSBN byulletenining 6-jild, 11-sonida rasman e'lon qilingan.

Shunga ko‘ra:

Asteroid raqamiYangi nomi
(131358)Kamolergashev
(121339)Otabekburkhonov

Mazkur nomlar bundan buyon xalqaro astronomik kataloglar, ilmiy maqolalar va boshqa rasmiy manbalarda qo‘llaniladi.

Kamoliddin Ergashev haqida

Dastlab 2001 KA2 belgisi bilan ro‘yxatga olingan asteroid 2001-yil 19-may kuni Chexiyadagi Ondřejov observatoriyasida kashf etilgan.

Unga Astronomiya instituti katta ilmiy xodimi Kamoliddin Ergashev sharafiga "Kamolergashev" nomi berildi.

Rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, Kamoliddin Ergashev 2007-yildan buyon asteroidlarni tadqiq etib kelmoqda. Uning ilmiy ishlari asteroidlarning fizik xususiyatlari, fotometriyasi hamda qo‘shaloq asteroid tizimlarini o‘rganishga bag‘ishlangan.

Otabek Burxonov haqida

Yana bir asteroid dastlab 1999 TO15 belgisi bilan ro‘yxatga olingan bo‘lib, unga Astronomiya instituti laboratoriya mudiri Otabek Burxonov sharafiga "Otabekburkhonov" nomi berildi.

Ma'lum qilinishicha, Otabek Burxonov 2000-yildan buyon Astronomiya institutida faoliyat yuritadi. Uning ilmiy tadqiqotlari asteroidlar fotometriyasi, o‘zgaruvchan yulduzlar, gravitatsion linzalangan kvazarlar hamda gamma-chaqnashlarning optik kuzatuvlariga bag‘ishlangan.

Olimlar NASA mukofoti bilan ham taqdirlangan

InfoEdu.uz o‘rganishicha, Kamoliddin Ergashev va Otabek Burxonov NASAning sayyoraviy mudofaa tajribasi doirasidagi ishlarga qo‘shgan hissasi uchun NASA Group Achievement Award mukofoti bilan ham taqdirlangan.

Xalqaro astronomiya jamiyati O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Astronomiya instituti olimlari Kamoliddin Ergashev va Otabek Burxonov nomini ikki asteroidga berdi.
(131358)-sonli asteroid Kamolergashev, (121339)-sonli asteroid esa Otabekburkhonov nomi bilan xalqaro astronomik kataloglarga kiritildi.
Kamoliddin Ergashev va Otabek Burxonov NASAning sayyoraviy mudofaa tajribasidagi ishlarga qo‘shgan hissasi uchun NASA Group Achievement Award mukofoti bilan ham taqdirlangan.

Reklama

Umidjon EsirgapovU
MUALLIFUmidjon EsirgapovInfoedu.uz asoschisi marketing va ta’lim sohasida 5 yillik tajribaga ega ekspert.

Izohlar (0)

Izoh yozish uchun tizimga kiring.